Jinoyat-protsessual kodeksi

479-modda. Sud qarorlari ustidan shikoyat berish va protest bildirish huquqi hamda uning ta'minlanishi

Ushbu Kodeksning 497², 499 va 511-moddalarida nazarda tutilgan protsess ishtirokchilari birinchi instantsiya sudining hukmi va ajrimi ustidan belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berishga yoki protest bildirishga, shuningdek taftish tartibida shikoyat (iltimosnoma) berishga yoxud protest bildirishga haqlidir. Bunda ular o'z vajlarini tasdiqlash uchun qo'shimcha materiallarni taqdim etishi mumkin. Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida shikoyat yoki protest tushganligi to'g'risida sud ushbu shikoyat yoki protest kimning manfaatlariga taalluqli bo'lsa, o'sha protsess ishtirokchilarini uch sutka ichida xabardor qiladi va bir vaqtning o'zida ularga ushbu hujjatlarning ko'chirma nusxalarini pochta orqali yoxud hukm, ajrim chiqargan sudning internet-resursi orqali yuboradi. Bunda taraflarga ularning shikoyatga, protestga doir e'tirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida berish huquqi, e'tirozlarni taqdim etish muddati ko'rsatilgan holda, tushuntiriladi. Shikoyat, protest yuzasidan kelib tushgan e'tirozlar jinoyat ishi materiallariga qo'shib qo'yiladi. Protsess ishtirokchilari ish bilan, shu jumladan qo'shimcha taqdim etilgan materiallar bilan tanishishga va sudga o'z e'tirozlarini xabar qilishga haqlidir. Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida shikoyat yoki protest bergan shaxs, shuningdek shikoyat yoki protest kimning manfaatlariga taalluqli bo'lsa, o'sha protsess ishtirokchilari ish apellyatsiya, kassatsiya yoxud taftish tartibida ko'riladigan vaqt va joy to'g'risida sud tomonidan xabardor qilinadi. Mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari ishni apellyatsiya instantsiyasida ko'rish chog'ida ishtirok etishga haqlidir. Mazkur shaxslar ishni kassatsiya yoki taftish tartibida ko'rish chog'ida ham ishtirok etishga haqli, bundan jazoni ijro etish muassasasida bo'lgan yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o'tayotgan mahkum mustasno. Jazoni ijro etish muassasasida bo'lgan yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o'tayotgan mahkumning kassatsiya yoki taftish instantsiyasi sudining majlisida ishtirok etishi, shuningdek mahkumni sud majlisiga olib kelish zarurligi to'g'risidagi masala sud tomonidan hal qilinadi. Ish ko'riladigan vaqt va joy haqida o'z vaqtida xabardor qilingan mazkur shaxslarning uzrsiz sabablarga ko'ra kelmaganligi ishni ko'rishga monelik qilmaydi. Biroq sud mahkumni, oqlangan shaxsni, shuningdek jabrlanuvchini, fuqaroviy da'vogarni, fuqaroviy javobgarni va ularning vakillarini tushuntirishlar berish uchun chaqirishi mumkin. Mahkumning yoki oqlangan shaxsning himoyachilari va qonuniy vakillari ishni taftish tartibida ko'rish chog'ida ishtirok etishi shart.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.