Taftish o'tkazuvchi shaxslar o'tkazilgan taftish natijalariga ko'ra dalolatnoma tuzadi.
Taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnomada quyidagilar ko'rsatiladi:
1) taftish o'tkazilgan joy, dalolatnoma tuzilgan sana;
2) taftish o'tkazish uchun asoslar;
3) taftish o'tkazilgan muddat;
4) taftish o'tkazgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
5) yuridik shaxsning to'liq nomi, tekshirilayotgan davrda uning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshirgan mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi (yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi);
6) tekshirilayotgan sub'yektning joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, shuningdek uning soliq to'lovchining identifikatsiya raqami;
7) tekshirilayotgan sub'yekt moliya-xo'jalik faoliyatining ilgarigi tekshiruvlari to'g'risidagi ma'lumotlar;
8) tekshirilayotgan davr hamda taftish o'tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar, axborot va materiallar to'g'risidagi umumiy ma'lumotlar;
9) qonunchilikning aniqlangan buzilishlarining (ular mavjud bo'lgan taqdirda) batafsil tavsifi qonunchilikning buzilgan normalariga havola qilingan holda;
10) o'tkazilgan taftish natijalariga doir, shu jumladan qonunchilikning buzilishlari mavjud emasligi to'g'risidagi xulosalar.
Taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnoma kamida uch nusxada tuziladi.
Taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnomaning barcha nusxalari taftish o'tkazuvchi shaxslar tomonidan imzolanadi. Taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnomaning bir nusxasi tekshirilayotgan sub'yektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga topshiriladi, u dalolatnomaning barcha nusxalariga olganligi to'g'risida olish sanasini ko'rsatgan holda imzo qo'yishi shart. Taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnomaning qolgan nusxalari taftish materiallariga qo'shib qo'yiladi.
Tekshirilayotgan sub'yekt mansabdor shaxsining yoki vakilining taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnomadagi imzosi uning taftish natijalaridan rozi ekanligini bildirmaydi.
Taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnomaga taftishni tayinlash to'g'risidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish o'tkazish haqidagi buyrug'ining ko'chirma nusxalari, taftish doirasida sodir etilgan harakatlar to'g'risidagi bayonnomalar, inventarizatsiya dalolatnomalari, taftish o'tkazish chog'ida olingan materiallar, shuningdek taftish doirasida sodir etilgan harakatlarni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qo'shib qo'yilishi kerak.
Taftish tugallangan kundan e'tiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay taftish materiallari taftish o'tkazish vakolatiga ega bo'lgan organda qonunchilikda belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilishi va taftishni tayinlagan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga taqdim etilishi kerak.
Taftish o'tkazgan organ taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnomaning tasdiqlangan ko'chirma nusxasini qonuniy choralar ko'rilishi uchun tegishli vakolatli organga ham yuboradi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
187⁸-modda. Taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnoma
(187⁸-модда иккинчи қисмининг 9-банди Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.