Agar ish bo'yicha to'plangan dalillar ish uchun ahamiyatga molik ma'lumotlar olinishi mumkinligiga yetarli darajada asos bo'la olsa, surishtiruvchi, tergovchi telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to'g'risida iltimosnoma qo'zg'atish haqida qaror chiqarib, unda ushbu harakatlarni o'tkazish asoslarini bayon etadi.
Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to'g'risida iltimosnoma qo'zg'atish haqidagi qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Tergovchining yoki surishtiruvchining telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to'g'risida iltimosnoma qo'zg'atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.
Prokuror telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to'g'risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo'lgan taqdirda, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to'g'risida iltimosnoma qo'zg'atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.
Kechiktirib bo'lmaydigan hollarda, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish tergovchining yoki surishtiruvchining qarori asosida sudning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin. Bunda tergovchi yoki surishtiruvchi telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to'g'risidagi qarorni sudning roziligisiz maxsus vakolatli davlat organiga yuborishga haqli bo'lib, keyinchalik sud hamda prokuror telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish amalga oshirilganligi haqida yigirma to'rt soat ichida xabardor qilinadi. Xabarnomada kechiktirib bo'lmaydigan holatlar aniq ko'rsatilishi kerak. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi qarorning qonuniyligini tekshirish uchun mazkur xabarnomaga tergovchining yoki surishtiruvchining telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish haqidagi qarorining, ushbu tergov harakati bayonnomasining va zarur materiallarning ko'chirma nusxalari ilova qilinadi.
Mazkur xabarnomani va unga ilova qilingan materiallarni olgach, sudya amalga oshirilgan telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turishning, ular orqali uzatiladigan axborotni olishning qonuniyligini ushbu Kodeksning 169¹ va 169²-moddalari tartibida qirq sakkiz soat ichida tekshiradi hamda uning qonuniyligi yoki qonunga xilofligi to'g'risida ajrim chiqaradi. Agar sudya telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni qonunga xilof ravishda amalga oshirilgan deb topsa, ularni amalga oshirish davomida olingan barcha dalillar ushbu Kodeksning 95¹-moddasiga muvofiq nomaqbul deb topiladi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
169-modda. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to'g'risidagi iltimosnomani qo'zg'atish
(169-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 28 январдаги ЎРҚ-1022-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 29.01.2025 й., 03/25/1022/0083-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.