Jinoyat kodeksi

244⁶-modda. Yolg'on axborot tarqatish

(244⁶-модда Ўзбекистон Республикасининг 2020 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-658-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 26.12.2020 й., 03/20/658/1670-сон)

Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro'sizlantirilishiga olib keladigan yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog'ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilgandan keyin sodir etilgan bo'lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog'ida tarqatish, ushbu Kodeksning 244¹-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo'lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) ko'p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo'lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) ommaviy tadbirlar jarayonida yoki favqulodda vaziyat holatida; b) juda ko'p miqdorda zarar yetkazilgan yoki boshqa og'ir oqibatlarga sabab bo'lgan holda; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko'zlab sodir etilgan bo'lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to'rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.