Ozodlikdan mahrum etish joylarida davolash-profilaktika yordami va sanitariya ishi hamda epidemiyaga qarshi ishlar qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi va o'tkaziladi.
Mahkumlarga tibbiy-sanitariya xizmati ko'rsatish uchun statsionarlari bor tibbiy bo'limlar, sil kasalligiga chalingan bemorlarni davolash va saqlab turish uchun davolash muassasasi huquqiga ega bo'lgan koloniyalar, malakali tibbiy yordam ko'rsatish uchun mahkumlarga mo'ljallangan ixtisoslashgan kasalxonalar tashkil etiladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilish chog'ida, jazoni o'tash paytida vaqti-vaqti bilan, biroq olti oyda kamida bir marta, shuningdek murojaatlarga ko'ra tibbiy ko'rikdan o'tkaziladi. Tibbiy tekshiruvdan o'tkazish maxfiylik shartlari asosida amalga oshiriladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilingan paytdan e'tiboran o'n besh kun ichida u bilan suhbat o'tkaziladi, mahkum jazoni ijro etish muassasasining karantin xonalarida tibbiy ko'rikdan va sanitariya-gigiyena tadbirlaridan o'tadi.
Jazoni ijro etish muassasasining ma'muriyati ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilinayotganda ham, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo'lganda ham tibbiyot xodimlari ushbu shaxslarning yoniga zudlik bilan kirishini ta'minlashi kerak.
Shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish zarur bo'lganda ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtiriladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bo'lgan shaxslar davolash muassasasi huquqiga ega bo'lgan koloniyalarga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar uchun mo'ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonalarga yuboriladi, shuningdek ular O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirilishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs og'ir kasallikka chalingan taqdirda, jazoni ijro etish muassasasining ma'muriyati mahkumning roziligi bilan uning yaqin qarindoshlariga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning o'zi ko'rsatgan boshqa shaxslarga bu haqda darhol xabar beradi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs og'ir kasallikka chalingan taqdirda, qo'shimcha masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so'zlashuvga, shuningdek shifokorning ruxsati bilan qo'shimcha uchrashuvga ruxsat beriladi.
Mahkumlarga tibbiy yordam ko'rsatish, ularga dori-darmon vositalari berish, sanitariya nazoratini tashkil etish va olib borish, davolash-profilaktika muassasalaridan foydalanish, sog'liqni saqlash organlarining tibbiy xodimlarini jalb etish tartibi O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta'minoti respublika byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Mahkumlar shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga, sanitariya talablariga rioya etishlari shart.
lex.uz’dagi asl matn87-modda. Mahkumlarning tibbiy-sanitariya ta'minoti
(87-модданинг тўққизинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 15 январдаги ЎРҚ-1112-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 15.01.2026 й., 03/26/1112/0045-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.