«Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi qonun

28¹-modda. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish

(28¹-модда Ўзбекистон Республикасининг 2022 йил 18 январдаги ЎРҚ-746-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 18.01.2022 й., 03/22/746/0032-сон — 2022 йил 19 апрелдан кучга киради)

Tovarlar (ishlar, xizmatlar) namunalar va (yoki) ularning tavsifi bo'yicha axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilinishi mumkin. Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste'molchiga shartnoma tuzilguniga qadar davlat tilida yoki taraflarning kelishuviga ko'ra boshqa tilda quyidagi ma'lumotlarni taqdim etishi kerak: sotuvchining (ijrochining) nomi, uning manzili va shikoyatlarni qabul qilish tartibi; ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) to'liq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili); tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) asosiy iste'mol xususiyatlari va o'ziga xos xususiyatlari; litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi); tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) narxi, yetkazib berish narxi va to'lov shartlari; ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafillik majburiyatlari, tovarni ta'mirlash shartlari, shuningdek uni saqlash bilan bog'liq xizmatlar; shartnomani bajarishning boshqa shartlari; agar davriy ravishda tovarlarni yetkazib berish, xizmatlar ko'rsatish yoki ishlarni bajarish nazarda tutilgan bo'lsa, shartnomaning eng kam amal qilish muddati; tegishli shartnomani tuzish uchun takliflarni qabul qilish muddati; shartnomani bekor qilish tartibi. Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuzilgan shartnoma bekor qilinganda, sotuvchi (ijrochi) iste'molchiga tovarni qaytarib berish amalga oshiriladigan joy to'g'risida xabar berishi kerak. Tovarni namuna va (yoki) uning tavsifi bo'yicha realizatsiya qilish chog'ida sotuvchi (ijrochi) namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo'lgan tovarni taqdim etishi, shuningdek iste'molchiga tovarni qabul qilib olishida uning butligini, yaroqliligini va iste'mol xususiyatlari to'liq saqlanganligini tekshirish imkoniyatini berishi shart. Agar tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo'lmasa, sotuvchi (ijrochi) iste'molchini bu haqda oldindan xabardor qilishi kerak. Tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo'lmagan hollarda, iste'molchi uni almashtirishni yoki pul summasini qaytarishni talab qilish huquqiga ega. Tovarni qaytarib berish bilan bog'liq barcha xarajatlar sotuvchining (ijrochining) zimmasida bo'ladi. Iste'molchining aybisiz yetkazilgan shikastlantirishlar, shuningdek tovarni ko'zdan kechirish va uni tekshirib ko'rish maqsadida qadog'ini ochish sababli tovar qiymatining pasayishi iste'molchini shartnomani bekor qilish huquqidan mahrum etmaydi. Agar shartnoma bekor qilinganidan keyin iste'molchi to'lagan pul summasi shartnomada belgilangan muddat ichida unga sotuvchi tomonidan qaytarilmasa, sotuvchi iste'molchiga shartnomada belgilangan muddatlardan ortiq har bir kechiktirilgan kun uchun qaytarilishi lozim bo'lgan pul summasining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to'laydi. Bunda neustoykaning (penyaning) miqdori qaytarilishi lozim bo'lgan pul summasidan oshib ketishi mumkin emas. Neustoykaning (penyaning) to'langanligi sotuvchini shartnoma bekor qilinishi munosabati bilan yuzaga keladigan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.