«Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi qonun

15-modda. Tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibi

Tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste'molchi tegishli talab qo'ygan paytdan e'tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o'n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim. Iste'molchi kafolat muddati tugaganidan keyin tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish to'g'risida ishlab chiqaruvchiga talab qo'yishga haqli. Bunday talab, basharti tovarda ishlab chiqaruvchining aybi bilan yo'l qo'yilgan jiddiy nuqsonlar aniqlangan bo'lsa, belgilangan xizmat muddati mobaynida, agar xizmat muddati belgilanmagan bo'lsa, o'n yil mobaynida qo'yilishi mumkin. Uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarni ta'mirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun iste'molchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi (sotuvchining hisobidan uning o'zi yoki vakili eltib beradi). Buning uchun ishlab chiqaruvchi sotuvchi bilan birgalikda shartnoma asosida tovarlarning almashuv fondini nazarda tutishlari shart. Mazkur talablar tatbiq etilmaydigan uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarlar ro'yxatini O'zbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydi. Tovardagi nuqsonlarni bartaraf etish xususida talab qo'yilgan taqdirda, undan foydalanishning kafolat muddati iste'molchining tovardan foydalana olmagan davrga teng muddatga uzaytiriladi. Mazkur muddat iste'molchi nuqsonlarni bartaraf etish talabi bilan murojaat etgan kundan e'tiboran hisoblana boshlaydi. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste'molchining ta'mirlashga ketadigan vaqtda foydalanish uchun shunday tovarni berib turish haqidagi talabini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun, shuningdek, nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste'molchiga neustoyka (penya) to'laydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.