«Ipoteka to'g'risida»gi qonun

29-modda. Navbatdagi ipotekaga yo'l qo'yiladigan shartlar

Bir majburiyat bajarilishini ta'minlash uchun ipoteka to'g'risidagi shartnoma bo'yicha garovga qo'yilgan mol-mulk (oldingi ipoteka) o'sha yoki o'zga qarzdorning boshqa majburiyati bajarilishini ta'minlash uchun o'sha ipotekaga oluvchining o'ziga yoxud boshqa ipotekaga oluvchiga garovga berilishi mumkin (navbatdagi ipoteka). Ipotekaga oluvchilar navbati ipoteka binolar (inshootlar) garovi davlat reyestrida ro'yxatdan o'tkazilgan sana va vaqtga binoan, ro'yxatdan o'tkazuvchi organ tomonidan belgilanadi. Navbatdagi ipotekaga, agar u o'sha mol-mulk ipotekasi haqidagi, amal qilishi ipoteka to'g'risidagi navbatdagi shartnoma tuzilayotgan paytda tugamagan oldingi shartnomalarda taqiqlanmagan bo'lsa, yo'l qo'yiladi. Agar ipoteka to'g'risidagi oldingi shartnomada ipoteka to'g'risida navbatdagi shartnomani tuzish mumkin bo'lgan shartlar nazarda tutilgan bo'lsa, bunday shartnoma ana shu shartlarga rioya etilgan holda tuzilishi kerak. Ipoteka to'g'risidagi oldingi shartnomada belgilangan taqiqqa qaramay tuzilgan ipoteka to'g'risidagi navbatdagi shartnoma shu shartnoma bo'yicha ipotekaga oluvchi bunday taqiqni bilmaganligidan qat'i nazar, oldingi shartnoma bo'yicha ipotekaga oluvchining da'vosiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Agar navbatdagi ipoteka taqiqlanmagan, lekin ipoteka to'g'risidagi navbatdagi shartnoma oldingi shartnomada uning uchun nazarda tutilgan shartlar buzilgan holda tuzilgan bo'lsa, ipotekaga oluvchining navbatdagi shartnoma bo'yicha talablari ipoteka to'g'risidagi oldingi shartnoma shartlariga muvofiq ularni qanday darajada qanoatlantirish mumkin bo'lsa, shunday darajada qanoatlantiriladi. Agar ipoteka to'g'risidagi oldingi va navbatdagi shartnomalarda taraflar ayni o'sha shaxslarning o'zi bo'lsa, ushbu modda uchinchi va to'rtinchi qismlarining qoidalari qo'llanilmaydi. Garov xatini tuzish va berishni nazarda tutuvchi ipoteka to'g'risidagi navbatdagi shartnomani tuzishga yo'l qo'yilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.