Fuqarolik protsessual kodeksi

279⁴-modda. Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko'rib chiqishning o'ziga xos xususiyatlari

Arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo'zg'atish to'g'risida sud ajrim chiqaradi, ajrimda ish soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko'rilishini hamda ish ko'rib chiqiladigan sanani ko'rsatadi. Sud arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo'zg'atish haqidagi ajrimda javobgarga da'vo arizasiga doir yozma fikrini hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar taqdim etishi zarurligini ko'rsatadi. Sud ajrim bilan bir vaqtda javobgarga da'vo arizasining (arizaning) ko'chirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning ko'chirma nusxalarini darhol pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali yuboradi. Javobgar da'vo arizasiga doir yozma fikrini sudga o'zi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli. Yozma fikrga uning ko'chirma nusxasi da'vogarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Da'vo arizasiga doir yozma fikr javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat ilova qilinadi. Javobgar tomonidan da'vo arizasiga doir yozma fikr taqdim etilmaganligi da'vo arizasini soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko'rib chiqishga to'sqinlik qilmaydi. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko'rib chiqilayotgan ish arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo'zg'atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran yigirma kundan oshmagan muddatda sudya tomonidan yakka tartibda ko'rib chiqiladi. Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko'rib chiqish muddati uzaytirilmaydi. Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini o'tkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan ko'rib chiqadi. Sud taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntirishlarni, e'tirozlarni va (yoki) vajlarni tekshiradi, dalillar bilan tanishadi hamda hal qiluv qarorini qabul qiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.