Fuqarolik kodeksi

511-modda. Xayr-ehson

Umumfoydali maqsadlarda qilingan hadya xayr-ehson hisoblanadi. Xayr-ehson fuqarolarga, davolash, tarbiya, ijtimoiy himoya muassasalariga va shunga o'xshash boshqa muassasalarga, xayriya, ilmiy va o'quv muassasalariga, fondlarga, muzeylar va boshqa madaniyat muassasalariga, jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarga, shuningdek davlatga va boshqa fuqarolik huquqi sub'yektlariga qilinishi mumkin. Xayr-ehsonni qabul qilishga biror kimsaning ruxsati yoki roziligi talab qilinmaydi. Xayr-ehson qiluvchi mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilganida bu mol-mulkdan ma'lum bir maqsadda foydalanishni shart qilib qo'yishi lozim, yuridik shaxslarga xayr-ehson qilganda esa bu shartni qo'yishi mumkin. Bunday shart bo'lmaganida mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilish oddiy hadya deb hisoblanadi, qolgan hollarda esa xayr-ehson qilingan mol-mulkdan hadya oluvchi uning vazifasiga muvofiq foydalanadi. Aniq maqsadda foydalanishga mo'ljallangan xayr-ehsonni qabul qilib olayotgan yuridik shaxs xayr-ehson qilingan mulkdan foydalanish bo'yicha amalga oshirilgan operatsiyalarning alohida ro'yxatini yuritishi lozim. Agar xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi ko'rsatgan maqsadda foydalanish vaziyat o'zgarganligi tufayli mumkin bo'lmay qolsa, mulkdan boshqa maqsadda faqat xayr-ehson qiluvchining roziligi bilan, mol-mulkni xayr-ehson qilgan fuqaro vafot etgan bo'lsa yoki mulkni xayr-ehson qilgan yuridik shaxs qayta tashkil etilgan yoxud tugatilgan bo'lsa –– sud qaroriga muvofiq foydalanish mumkin. Xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi ko'rsatgan maqsadga zid holda foydalanish yoki ushbu maqsadni mazkur modda oltinchi qismining qoidalarini buzgan holda o'zgartirish xayr-ehson qiluvchiga, uning merosxo'rlariga yoki boshqa huquqiy vorisiga xayr-ehsonni bekor qilishni talab qilish huquqini beradi. Ushbu Kodeks 507 va 510-moddalarining qoidalari xayr-ehsonga nisbatan qo'llanmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.