Fuqarolik kodeksi

482-modda. Bino, inshoot yoki boshqa ko'chmas mulk sotilganida ular joylashgan yer uchastkasiga bo'lgan huquq

Bino, inshoot yoki boshqa ko'chmas mulkni sotish shartnomasiga binoan sotib oluvchiga bunday ko'chmas mulkka egalik huquqini topshirish bilan bir vaqtda ushbu ko'chmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur bo'lgan yer uchastkasining muayyan qismiga bo'lgan huquqlar ham topshiriladi. Sotuvchi sotilayotgan ko'chmas mulk joylashgan yer uchastkasining mulkdori bo'lgan taqdirda sotib oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga mulk huquqi yoki ijara huquqi yoxud ko'chmas mulkni sotish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq beriladi. Agar shartnomada ko'chmas mulkni sotib oluvchiga topshiriladigan tegishli yer uchastkasiga bo'lgan huquq belgilangan bo'lmasa, sotib oluvchiga yer uchastkasining ko'chmas mulk joylashgan va bu ko'chmas mulkdan foydalanish uchun zarur bo'lgan muayyan qismiga mulk huquqi o'tadi. Sotuvchiga mulk huquqi asosida qarashli bo'lmagan yer uchastkasida joylashgan ko'chmas mulkni, agar bunday uchastkadan foydalanishning qonun yoki shartnomada belgilangan shartlariga zid bo'lmasa, ana shu yer uchastkasi mulkdorining roziligisiz sotishga yo'l qo'yiladi. Bunday ko'chmas mulk sotilganida sotib oluvchi ko'chmas mulkni sotayotgan shaxs yer uchastkasining tegishli qismidan qanday shartlarda foydalangan bo'lsa, o'sha shartlarda foydalanish huquqini qo'lga kiritadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.