Chet el fuqarolarini vaqtincha va doimiy ro'yxatga olish nizomlari (VM qarori №593, 2020)

I2-2-band. 1-bob. Umumiy qoidalar — I2-2-band

Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi: vatandosh — O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida o'zbekiston respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida» 2018 yil 25 oktyabrdagi PQ-3982-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati Kontseptsiyasida ko'rsatib o'tilgan shaxs; chet ellik investor — O'zbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko'rsatish bo'yicha korxonalar tashkil qilish uchun kamida 3 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxs — chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona muassisi (ishtirokchisi); doimiy yashashga ruxsatnoma berish — boshqa davlatlardan kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar hududida doimiy yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olish hamda ularga yashash guvohnomasi yoki ID-karta rasmiylashtirib berish; elektron tizim — «E-Chet el fuqaro» dasturi (chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga O'zbekiston Respublikasida doimiy yashashga ruxsatnoma berishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi); manzil tizimi — chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni doimiy ro'yxatga olish bilan bog'liq harakatlarning idoralararo elektron hamkorlik orqali amalga oshirilishini ta'minlovchi avtomatlashtirilgan axborot tizimi; milliy pasport yoki harakatlanish hujjati — chet el fuqarosining xorijga chiqish milliy pasporti yoki xorijiy davlatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo'lmagan shaxsning xorijga chiqish va harakatlanish hujjati; yashash guvohnomasi — chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsning O'zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olinganligini hamda egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat. Mazkur hujjat O'zbekiston Respublikasi hududida haqiqiydir; ID-karta — chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsning O'zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olinganligini hamda egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi, shuningdek, egasining shaxsiy biografik ma'lumotlari va biometrik parametrlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilmaga (chipga) ega bo'lgan hujjat. Mazkur hujjat O'zbekiston Respublikasi hududida haqiqiydir; fuqaroligi bo'lmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjati (keyingi o'rinlarda — harakatlanish hujjati) — O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo'lmagan shaxsning xorijda shaxsini tasdiqlovchi, egasining shaxsiy biografik ma'lumotlari va biometrik parametrlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilmaga (chipga) ega bo'lgan hujjat.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.