«Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi qonun

3-modda. Asosiy tushunchalar

(3-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 1 июлдаги ЎРҚ-1156-сонли Қонунига асосан учинчи хатбоши билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 02.07.2026 й., 03/26/1156/0670-сон)

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: bola (bolalar) — o'n sakkiz yoshga to'lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo'lgan shaxs (shaxslar); bolaning eng ustun manfaatlari — bolaning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, qonunlarida, xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan, uning oila g'amxo'rligida o'sib-ulg'ayishga, farovon yashashga, xavfsizlikka, sog'lig'ini saqlashga, bilim olishga, to'laqonli va har tomonlama kamol topishga, shaxsiy daxlsizlikka, sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, fikrlash, so'z, vijdon va e'tiqod erkinligiga bo'lgan huquqlaridan, shuningdek ijtimoiy, axloqiy manfaatlaridan hamda o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, bola ishtirokida va uning fikri inobatga olingan holda belgilanadigan hamda himoya qilinadigan manfaatlari; bolaning qonuniy vakillari — ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, vasiylar, homiylar; vasiylik va homiylik — ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ularga ta'minot, tarbiya hamda ta'lim berish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli. Vasiylik o'n to'rt yoshga to'lmagan, homiylik esa o'n to'rt yoshdan o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan bolalarga nisbatan belgilanadi; yetim bola — otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki ular sud qaroriga binoan vafot etgan deb e'lon qilingan bola; jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo'lgan bola — nogironlikni belgilash uchun yetarli bo'lmagan jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) va (yoki) ruhiy nuqsonlari bo'lgan bola; ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar — yuzaga kelgan holatlar sababli og'ir turmush sharoitida qolgan, davlat va jamiyat tomonidan alohida himoya qilishga hamda qo'llab-quvvatlashga muhtoj bolalar, shu jumladan: nogironligi bo'lgan bolalar; jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo'lgan bolalar; yetim bolalar; ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar; ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar; muayyan yashash joyiga ega bo'lmagan bolalar; kam ta'minlangan oilalardagi bolalar; jinoiy javobgarlikka tortilgan va jazoni ijro etish muassasalarida turgan bolalar; zo'ravonlik va ekspluatatsiya, qurolli mojarolar va tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan bolalar; nogironligi bo'lgan bolalar (bola) — barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari mavjudligi oqibatida hayot faoliyati cheklanganligi munosabati bilan davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy yordam ko'rsatilishiga hamda o'z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj bo'lgan bolalar (bola); ota-onaning o'rnini bosuvchi shaxslar — qonunda belgilangan tartibda bolaga nisbatan ota-onalik huquqini amalga oshiruvchi va ota-onalik majburiyatlarini bajaruvchi, lekin bolaning ota-onasi bo'lmagan shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar); ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bola — ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi yoki cheklanganligi, bedarak yo'qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi yoxud muomalaga layoqati cheklanganligi, bolani tarbiyalashdan yoki uning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo'yin tovlaganligi, shu jumladan, uzrsiz sabablarga ko'ra o'z bolasini tug'uruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o'xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortganligi yoxud ota-ona qaramog'i mavjud bo'lmagan boshqa holatlar sababli ota-ona yoki yagona ota (ona) qaramog'idan mahrum bo'lgan bola.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.