«Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi qonun

10-modda. Bolaning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi kafolatlari

(10-модда Ўзбекистон Республикасининг 2023 йил 11 апрелдаги ЎРҚ-829-сонли Қонунига асосан еттинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 12.04.2023 й., 03/23/829/0208-сон — 2023 йил 13 июлдан кучга киради)

Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega. Har bir bola o'z sha'ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g'ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega. Bola qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas. Davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta'minlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zo'ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo'ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo'pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va g'ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishini amalga oshiradi. Davlat: bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zo'ravonlikning barcha shakllarining oldini olish, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish; ekspluatatsiya va zo'ravonlikka duchor bo'lgan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam ko'rsatish bo'yicha choralar ko'radi. Qo'llanilgan jazo chorasidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda o'ziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qo'llanilganligidan qat'i nazar, qasddan odam o'ldirganlik, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo'rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g'ayritabiiy usulda qondirganlik, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxsni jinsiy aloqada bo'lish yoki jinsiy ehtiyojni g'ayritabiiy usulda qondirish bilan bog'liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, o'n olti yoshga to'lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g'ayritabiiy usulda qondirganlik yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish qilish maqsadida O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo'shmachilik qilganlik, fohishaxonalar tashkil etganlik yoki saqlaganlik, terrorizm uchun ilgari hukm qilingan shaxslarning ta'lim, tarbiya, bolalar sog'lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug'ullanishi taqiqlanadi. Ushbu moddaning oltinchi qismida ko'rsatilgan shaxslarning reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek undan axborot olish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.