Bojxona kodeksi

80-modda. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini tugallash

Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi olib kirilgan tovarning qayta ishlash mahsulotlarini yoki uning qoldiqlarini, shuningdek tovarni qayta ishlash chiqindilarini tovarni bojxona hududida qayta ishlashning ushbu Kodeks 75-moddasida belgilangan muddati tugaydigan kundan kechiktirmay olib chiqish yoxud ularni boshqa bojxona rejimlariga joylashtirish bilan tugallanishi kerak. Qayta ishlash mahsulotlari bittadan ortiq turkumda olib chiqilayotganda, qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasida ko'rsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib ko'rish vaqti-vaqti bilan, lekin uch oyda kamida bir marta va qayta ishlash mahsulotlarining oxirgi turkumi bojxona chegarasi orqali olib o'tilgan kundan e'tiboran o'ttiz kalendar kundan kechiktirmay amalga oshirilishi mumkin. Qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasida ko'rsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib ko'rish natijalari bo'yicha bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxs bilan birgalikda dalolatnoma tuzadi. Agar olib chiqilgan qayta ishlash mahsulotlarining miqdori tekshirib ko'rish natijasida ruxsatnomada ko'rsatilgan miqdordan ortiqligi aniqlangudek bo'lsa, bojxona organi qo'shimcha bojxona to'lovlari to'lash zarurligi to'g'risida qaror qabul qiladi. Bunday holda bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxsga qaror qabul qilingan kunning ertasidan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilishi shart. Agar bunday to'lovlarni to'lash yozma xabar olingan kundan e'tiboran o'n ish kuni ichida amalga oshirilsa, ularning summalariga penya hisoblanmaydi. Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo'llanilganligi to'g'risidagi ma'lumotlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi amal qilishi tugagan kundan e'tiboran o'ttiz kalendar kun ichida solishtirib chiqishi shart.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.