Bojxona kodeksi

37-modda. Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari

Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish quyidagi talablar va shartlarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi: vaqtincha olib chiqilayotgan tovarning bojxona organlari tomonidan identifikatsiyalashni amalga oshirish mumkinligi; agar tovar vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim bo'lsa, ushbu organlarning ruxsatnomalari bojxona organlarining axborot tizimida mavjudligi; tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirayotgan shaxs O'zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi yoxud vakolatli davlat organlarida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxs bo'lishi kerak. Bojxona hududidan vaqtincha olib chiqilgan tovar o'zgarmas holatda qolishi kerak. Quyidagi tovarlar vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilmaydi: O'zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar; chiqindilar; elektr energiyasi, suv, quvurlar orqali yetkazib beriladigan tovarlar (neft, gaz), shuningdek yoqilg'i; olib chiqilishi kvotalanadigan tovarlar; sarflash materiallari va sarf qilinadigan namunalar, xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar, alkogol va tamaki mahsuloti; bir marta ishlatish uchun mo'ljallangan tovarlar. Ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan tovarlarni faqat reklama, namoyish qilish va ilmiy-tadqiqot maqsadlarida bitta nusxadan vaqtincha olib chiqishga yo'l qo'yiladi. Vaqtincha olib chiqilgan tovar ustidan bojxona nazorati uning bojxona rasmiylashtiruvini bajargan bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.