Bojxona kodeksi

313-modda. Zaxira usul

(313-модданинг иккинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 27 февралдаги ЎРҚ-913-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 27.02.2024 й., 03/24/913/0158-сон — 2024 йил 28 майдан кучга киради)

Agar tovarning bojxona qiymatini ushbu Kodeksning 303, 309, 310, 311 va 312-moddalarida ko'rsatilgan bojxona qiymatini aniqlash usullarini ketma-ketlikda qo'llash natijasida deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan aniqlash mumkin bo'lmasa, baholanayotgan tovarning bojxona qiymati bojxona qiymatini aniqlash usullarining muddatlarni qo'llash, tovarlarning ishlab chiqarilgan mamlakatini, aynan bir xilligini yoki o'xshashligini aniqlashga doir talablarini bir muncha qayishqoqlik bilan qo'llash orqali aniqlanadi. Agar bojxona organi olib kirilgan tovarlarning bojxona qiymatini o'zida mavjud bo'lgan ma'lumotlarga asosan zaxira usuli bilan aniqlasa, u deklarantning so'roviga ko'ra bunday ma'lumotlarning manbalari to'g'risida xabar beradi. Bojxona organi zaxira usulini to'g'ri qo'llash maqsadida bunday axborotni yig'ib boradi. Zaxira usuldan foydalanishda hujjatlar bilan tasdiqlashga doir talablar quyidagilarni boshqa usullarga nisbatan bir muncha qayishqoqlikka yo'l qo'yadi: jahon narxlariga doir, ichki bozor narxlariga doir axborot ma'lumotnomalaridan foydalanishni; vositachilik haqlari, chegirmalar, foydalar, transport tariflari umum qabul qilingan darajalarining statistik ma'lumotlaridan foydalanishni. Ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan hollarda, baholanayotgan tovarni yetkazib berish shartlarini hisobga olgan holda ma'lumotlarga tegishli tuzatishlar kiritilishi shart. Tovarning bojxona qiymatini zaxira usulda aniqlash uchun asos sifatida quyidagilardan foydalanishga yo'l qo'yilmaydi: a) O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan o'xshash tovarning sotilish narxidan; b) ikki muqobil qiymatdan eng yuqorisi bojxona baholash maqsadlari uchun qabul qilinishini nazarda tutuvchi tizimdan; v) eksport qiluvchi mamlakatning ichki bozoridagi tovar narxidan; g) bojxona qiymatini aniqlash uchun qiymatlarni qo'shish usulini qo'llashda foydalanilmaydigan ishlab chiqarish chiqimlaridan; d) eksport qilayotgan mamlakatdan uchinchi mamlakatlarga yetkazib berilayotgan tovarning narxidan; ye) eng past bojxona qiymatlaridan; j) tovarning o'zboshimchalik bilan belgilangan yoki to'g'ri tasdiqlanmagan narxidan. Bojxona organi ushbu moddaga muvofiq aniqlangan tovarning bojxona qiymati hamda shunday qiymatni aniqlash uchun foydalanilgan usul to'g'risida deklarant yoki bojxona brokerining arizasiga ko'ra unga axborot beradi. O'zbekiston Respublikasi hududida sarflangan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lmagan taqdirda, qiymatlarni chegirib tashlash asosidagi usul bilan bojxona qiymatini aniqlash uchun ekspert baholash qo'llanilishiga yo'l qo'yiladi, uni qo'llash tartibi O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan belgilanadi. Bunda tovar birligining bojxona qiymati aniqlanib, keyinchalik butun turkumning bojxona qiymati qayta hisob-kitob qilinadi. Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq baholanayotgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashning bir nechta usulini qo'llash imkoniyati mavjud bo'lgan taqdirda, ularni qo'llashning ketma-ketligiga amal qilinishi zarur. Olib kiriladigan tovarlarning ushbu moddaga muvofiq belgilangan bojxona qiymati imkon qadar avval belgilangan bojxona qiymatlariga asoslanishi kerak.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.