«Davlat boji to'g'risida»gi qonun

19-modda. Sudlarda davlat bojini undirishning o'ziga xos xususiyatlari

(19-модда биринчи қисмининг биринчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 14 августдаги ЎРҚ-943-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 14.08.2024 й., 03/24/943/0616-сон)

Sudlarga beriladigan da'vo arizalaridan, alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo'yicha arizalardan, ma'muriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo'yicha sudlarga beriladigan shikoyatlardan, sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibidagi shikoyatlardan, shuningdek sudlar tomonidan hujjatlarning ko'chirma nusxalarini berganlik uchun davlat boji quyidagi tartibda undiriladi: shartnomalarni haqiqiy emas deb e'tirof etish to'g'risidagi, shartnomalarni bekor qilish to'g'risidagi yoki ularning shartlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqidagi da'vo arizalariga shartnoma to'laligicha yoki uning biron-bir qismi nizolashilayotganligidan qat'i nazar, shartnoma oldi nizolari bo'yicha arizalar uchun belgilangan stavkalar bo'yicha to'lanadi; qarshi da'vo arizalaridan, shuningdek uchinchi shaxslarning ishga mustaqil da'vo talablari bilan kirishganligi to'g'risidagi arizalardan davlat boji umumiy asoslarda undiriladi. Ishdan dastlabki da'vogar chiqib ketgan va u huquqiy voris bilan almashtirilgan hollarda, davlat boji, agar u dastlabki da'vogar tomonidan to'lanmagan bo'lsa, qanoatlantirilgan da'vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda huquqiy vorisdan undiriladi. Sudya bir yoki bir nechta birlashgan da'vo talabini alohida ish yuritish uchun ajratgan taqdirda, da'vo taqdim etilganda to'langan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. Alohida ish yurituvga ajratganlik yuzasidan davlat boji ikkinchi bor to'lanmaydi. Ilgari ko'rmasdan qoldirilgan takroran berilgan arizalar bo'yicha davlat boji qaytadan umumiy asoslarda to'lanadi. Agar ariza ko'rmasdan qoldirilganligi munosabati bilan davlat boji qaytarilishi kerak bo'lsa-yu, lekin qaytarilmasa, agar davlat boji byudjetga o'tkazilgan kundan e'tiboran fuqarolik to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq da'vo muddati tugamagan bo'lsa, davlat boji to'langanligi to'g'risidagi dastlabki hujjat takroran berilgan arizaga ilova qilinishi mumkin. Davlat boji hisoblab chiqariladigan da'vo bahosi da'vogar tomonidan, belgilangan hollarda esa fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual qonunchilikka muvofiq sud tomonidan aniqlanadi. Agar ishni muhokamaga tayyorlash kunida da'vogar alimentlarni undirish to'g'risidagi ishni tugatish haqida ariza bergan bo'lsa, bunday hollarda javobgardan davlat boji undirilmaydi. Da'vogar tomonidan da'vo talablari kamaytirilgan taqdirda, to'langan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi. Da'vo summasi ko'paytirilgan taqdirda, davlat bojining yetishmayotgan summasi da'voning ko'paytirilgan summasiga muvofiq to'lanadi. Da'vogar davlat bojini to'lashdan ozod etilgan taqdirda da'vo qanoatlantirilsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini to'lashdan ozod etilmagan bo'lsa) davlat daromadiga belgilangan da'vo summasiga muvofiq undiriladi. Da'vo birgalikda bir nechta da'vogar tomonidan bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda, davlat boji da'voning umumiy summasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi va da'vogarlar tomonidan ular qo'ygan talablar ulushiga mutanosib tarzda to'lanadi. Da'voning umumiy summasidan kelib chiqqan holda davlat boji quyidagi hollarda ham undiriladi: da'vo da'vogar tomonidan bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda; da'vo arizalarini qabul qiladigan sudya bir turdagi bir necha talabni bir ish yurituviga birlashtirganda. Davlat bojini to'lashdan ozod etilgan bir yoki bir nechta da'vogar tomonidan bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilgan da'vo to'liq yoki qisman qanoatlantirilganda davlat bojini undirish sudning hal qiluv qaroriga binoan har bir javobgardan belgilangan qarz summasidan kelib chiqqan holda alohida-alohida amalga oshiriladi. Agar bunday da'vo bir nechta da'vogar tomonidan bir javobgarga nisbatan taqdim etilgan bo'lsa, davlat boji javobgardan umumiy belgilangan qarz summasidan kelib chiqqan holda byudjetga undiriladi. Sud boshqa shaxsni ikkinchi javobgar sifatida jalb qilgan va da'vo summasining bir qismini bir javobgardan, qolgan qismini esa ikkinchisidan undirishga hukm qilgan taqdirda va, agar bunda da'vogar davlat bojini to'lashdan ozod qilingan bo'lsa, davlat boji da'voning qanoatlantirilgan umumiy summasidan hisoblab chiqariladi hamda har bir javobgardan unga belgilangan da'vo summasi miqdoriga mutanosib ravishda byudjetga undiriladi. Davlat bojini to'lashdan ozod qilingan da'vogar o'z talablarini da'vo berilganidan keyin ular javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda to'liq yoki qisman qanoatlantirilganligi tufayli qo'llab-quvvatlamagan hollarda davlat bojining summasi javobgardan sud ajrimi bo'yicha byudjetga undiriladi. Da'vogar arizada da'vo summasini ko'rsatmagan hollarda sudya da'vo arizasini qabul qilish asnosida, da'voning taxminiy bahosidan kelib chiqqan holda to'lanishi lozim bo'lgan davlat bojining miqdorini dastlabki tarzda belgilaydi. Agar sud hal qiluv qarorini chiqarganda da'voning umumiy summasi oshsa, davlat boji da'voning oshib ketgan summasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Bunda vujudga kelgan farq da'vogardan yoki da'vo to'liq qanoatlantirilgan taqdirda — javobgardan byudjet daromadiga undirilishi lozim. Sud da'vogar arizada ko'rsatgan talablar doirasidan qonunchilikda belgilangan hollarda ish holatlariga bog'liq ravishda chiqib ketganda ham davlat boji shunday tartibda hisoblab chiqariladi. Bunday hollarda da'vo qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji javobgardan da'voning qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi, davlat bojining qolgan qismi esa da'vogardan undirilishi lozim. Sud mol-mulkni meros qilib olish huquqi to'g'risida hal qiluv qarori qabul qilgan taqdirda, davlat boji mol-mulkning umumiy qiymatidan kelib chiqqan holda sud tomonidan hisoblab chiqariladi va har bir merosxo'rdan uning ulushiga mutanosib ravishda undiriladi. Mol-mulkka bo'lgan mulk huquqi to'g'risidagi, mol-mulkni talab qilib olish haqidagi, mol-mulkdagi ulushga bo'lgan huquqni e'tirof etish to'g'risidagi, umumiy mol-mulkdan ulush ajratish haqidagi va merosxo'rlarning o'zlariga tegishli mol-mulk ulushini talab qilib olish to'g'risidagi da'vo arizalari uchun davlat boji ushbu mol-mulk yoki uning ulushi qiymatidan kelib chiqqan holda to'lanishi lozim. Bir vaqtning o'zida mulkiy va nomulkiy xususiyatga ega bo'lgan da'vo arizalari uchun mulkiy xususiyatdagi da'vo arizalari uchun belgilangan stavkalar bo'yicha va nomulkiy xususiyatga ega da'vo arizalari uchun belgilangan stavkalarga ko'ra, har bir talab bo'yicha alohida-alohida davlat boji to'lanadi. Qiymat jihatidan baholanmaydigan talablar (o'zboshimchalik bilan egallab olingan joylarni bo'shatish to'g'risidagi, natura shaklida maydon berish haqidagi, topshirish balansini qabul qilishga majburlash bilan bog'liq nizolar va boshqalar) nomulkiy xususiyatga ega da'vo arizalari jumlasiga kiradi. Nikohni bekor qilish bilan bir vaqtda mol-mulkni bo'lish to'g'risidagi da'vo arizalaridan nikohni bekor qilganlik uchun va mol-mulkni bo'lganlik uchun davlat boji undiriladi. Da'vo arizasini (arizani, shikoyatni) qaytarishga asos bo'lgan sharoitlar bartaraf etilganidan so'ng takroran beriladigan da'vo arizalariga (arizalarga, shikoyatlarga) davlat boji to'langanligi to'g'risidagi dastlabki hujjat davlat boji takroran to'lanishining oldini olish uchun ilova qilinishi mumkin. Arizachi davlat bojini to'lashdan ozod qilingan hollarda da'vo qanoatlantirilgan taqdirda davlat boji, agar javobgar davlat bojini to'lashdan ozod qilinmagan bo'lsa, qanoatlantirilgan da'vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan undiriladi. Davlat boji to'lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko'zlab bildirilgan talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji ariza qaysi shaxslarning manfaatlarini ko'zlab taqdim etilgan bo'lsa, shu shaxslardan da'vo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi. Muayyan sudda ko'rilishi lozim bo'lgan bir nechta ish uchun bir to'lov topshiriqnomasi bo'yicha davlat boji o'tkazilgan hollarda topshiriqnoma ishlarning biriga ilova qilinadi. Mazkur ish bo'yicha to'langan davlat bojining summasi to'g'risida qolgan ishlarga belgi qo'yiladi va to'lov topshiriqnomasi qo'shib qo'yilgan ish ko'rsatiladi. Sud buyrug'i bekor qilingan taqdirda, undiruvchi tomonidan to'langan davlat boji qaytarilmaydi. Da'vo undiruvchi tomonidan qarzdorga nisbatan da'vo ishini yuritish tartibida qo'zg'atilgan taqdirda u to'lanishi lozim bo'lgan davlat boji hisobiga o'tkaziladi. Pul mablag'lari mavjud bo'lmagan va bu xizmat ko'rsatuvchi bank tomonidan tasdiqlangan taqdirda, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarga sudning ajrimiga ko'ra davlat bojini kechiktirib to'lashga ruxsat berilishi mumkin. Bank tasdig'ida sudga murojaat qilingan sanadan ko'pi bilan uch kun oldingi sana qayd etilgan bo'lishi kerak. Aktsiyadorlar aktsiyadorlik jamiyatining faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar bo'yicha o'z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to'g'risidagi da'vo bilan iqtisodiy sudga murojaat qilgan taqdirda aktsiyadorlarga davlat bojini to'lash muddati kechiktirilib, bu boj keyinchalik aybdor tarafdan undirib olinadi. Sud boshqaruvchisi to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish jarayonida o'z huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun da'vo arizalar hamda boshqa arizalar bilan davlat bojini to'lamasdan sudga murojaat qiladi. Davlat boji «To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 59-moddasida belgilangan tartibda sud boshqaruvchisi tomonidan to'lanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.