«Davlat boji to'g'risida»gi qonun

10-modda. Ma'muriy sudlarda davlat bojini to'lashdan ozod qilish

(10-модда биринчи қисмининг 10⁴-банди Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 27 ноябрдаги ЎРҚ-1099-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.11.2025 й., 03/25/1099/1104-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 1 март)

Ma'muriy sudlarda davlat bojini to'lashdan quyidagilar ozod qilinadi: 1) tadbirkorlik sub'yektlari — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog'liq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo'lgan boshqa organlarning, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda; 1¹) jismoniy shaxslar — o'z huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo'lgan boshqa organlarning, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda; 2) O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari — davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo'lgan boshqa organlarning, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan palata a'zolarining manfaatlarini ko'zlab berilgan arizalar bo'yicha; 3) nodavlat notijorat tashkilotlari — o'z huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda; 4) Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha respublika kengashi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha hududiy kengashlar — fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo'lgan boshqa organlarning, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda; 5) nogironligi bo'lgan shaxslarning jamoat birlashmalari, shuningdek ularning muassasalari, o'quv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — o'z huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo'lgan boshqa organlarning, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda; 6) davlat soliq xizmati organlari, moliya va bojxona organlari — barcha ishlar hamda hujjatlar bo'yicha; 7) prokuratura organlari — davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko'zlab beriladigan arizalar yuzasidan; 8) adliya organlari — davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko'zlab beriladigan arizalar yuzasidan; 9) yuridik va jismoniy shaxslar — davlat ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan beriladigan arizalar (shikoyatlar) bo'yicha; 10) O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari — fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo'lgan boshqa organlarning, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko'zlab beriladigan arizalar (shikoyatlar) yuzasidan; 10¹) O'zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi hamda uning hududiy organlari — o'z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga ko'rib chiqish uchun beriladigan arizalar va shikoyatlar yuzasidan; 10²) O'zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari, O'zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki ob'yektlaridan samarali foydalanish markazi hamda uning hududiy organlari — o'z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga ko'rib chiqish uchun beriladigan da'volar va arizalar yuzasidan; 10³) O'zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi — o'z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlar ko'rib chiqishi uchun beriladigan arizalar yuzasidan; 10⁴) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasi va uning hududiy inspektsiyalari — ko'p kvartirali uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish sohasida o'z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlar ko'rib chiqishi uchun beriladigan arizalar yuzasidan; 11) mulkdorlar — xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog'liq bo'lgan o'z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to'g'risida davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish haqidagi ishlar yuzasidan; 12) chet el investitsiyalari ishtirokidagi aktsiyadorlik jamiyatlari — ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to'g'risidagi arizalar (shikoyatlar) yuzasidan; 13) taraflar — muayyan yashash joyiga ega bo'lmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish haqidagi ishlar yuzasidan; 14) O'zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari — moddiy madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishga doir ishlar yuzasidan; 15) O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil — tadbirkorlik sub'yektlari manfaatlarini ko'zlab berilgan arizalar (shikoyatlar) yuzasidan; 16) O'zbekiston Respublikasining Hisob palatasi — O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan arizalar (shikoyatlar) yuzasidan; 17) O'zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo'mitasi hamda uning hududiy bo'linmalari — xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida beriladigan arizalar, shikoyatlar va da'volar yuzasidan; 17¹) O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy bo'linmalari — og'ir ahvolga tushib qolgan va og'ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo'lgan shaxslar hamda oilalar manfaatlarini ko'zlab berilgan arizalar va shikoyatlar yuzasidan; 18) «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aktsiyadorlik jamiyati — o'z huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda; 19) pedagog xodimlar — kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida pedagog xodimlarning huquqlarini buzayotgan davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda; 20) O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) — fuqarolar manfaatlarini ko'zlab beriladigan arizalar bilan sudga murojaat qilganda. Ushbu modda birinchi qismining 1, 11, 2, 9, 1¹ va 12-bandlarida ko'rsatilgan shaxslarning talablarini qanoatlantirish to'liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.