«Banklar va bank faoliyati to'g'risida»gi qonun

54-modda. Qo'pol qoidabuzarliklar

(54-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонунига асосан йигирма биринчи хатбоши билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)

Qo'pol qoidabuzarliklar jumlasiga quyidagilar kiradi: litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi; sodir etilishi uchun oldindan Markaziy bankning ruxsatini olish talab etiladigan harakatlarning ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olmay turib amalga oshirilganligi; bankning yoki banklar guruhining faoliyatidagi qo'pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to'g'risidagi Markaziy bank ko'rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmaganligi; foydani taqsimlashda ushbu Qonunning 39-moddasida ko'rsatilgan talablarning bajarilmaganligi; bank ustav kapitali miqdori bank ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan belgilangan talabga muvofiq emasligi; bank yoki banklar guruhi kapitali monandligi koeffitsiyentlarining va (yoki) ustav kapitali miqdorining qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordan ellik foizga yoki undan ko'p foizga kamayganligi; bank aktivlari bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarga qarshi yetarlicha zaxiraning mavjud emasligi; litsenziyada nazarda tutilmagan moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilganligi; ushbu Qonun bilan taqiqlangan yoki cheklangan faoliyat amalga oshirilganligi; bankka aloqador bo'lgan shaxslar bilan ancha qulay shartlar asosida bitimlar tuzilganligi; buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma'lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning yoki banklar guruhining haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilganligi; auditorlik tashkilotiga bankning auditorlik tekshiruvini o'tkazish uchun zarur bo'lgan moliyaviy hisobotlar va boshqa moliyaviy axborotlar taqdim etilmaganligi; Markaziy bank tomonidan nazorat vazifalari bajarilishiga to'sqinlik qilinganligi; bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi; Markaziy bankka axborotni taqdim etmaganlik, o'z vaqtida taqdim etmaganlik yoki bankning yoki banklar guruhining to'lov layoqatini yoxud likvidligini baholashni o'tkazishga to'sqinlik qiluvchi buzilgan yoki to'liq bo'lmagan axborot taqdim etilganligi; oxirgi benefitsiar mulkdorlar to'g'risidagi axborotning oshkor etilmaganligi; boshqaruvning tashkiliy tuzilmasida, ichki nazoratda, shuningdek tavakkalchiliklarni boshqarish tizimida bankning to'lov layoqatiga tahdid soluvchi yoki zarar ko'rilishiga olib keluvchi nuqsonlarning mavjudligi; tizimli ahamiyatga ega banklar tomonidan Markaziy bankning bufer kapitaliga oid talablariga rioya etilmaganligi; bank tomonidan ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish yoki filiallar ochishga doir cheklovlarga va (yoki) taqiqqa rioya etilmaganligi; bank tomonidan islomiy bank faoliyatini amalga oshirishda islomiy moliya standartlari talablariga rioya etilmaganligi; bank tomonidan bankning moliyaviy ahvolini tiklash rejasi taqdim etilmaganligi; bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi, bankning islomiy moliya kengashi a'zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlarining ushbu Qonunning 36-moddasi talablariga muvofiq emasligi; bank siri to'g'risidagi qonunchilik, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurolining tarqatilishini moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonunchilik talablari buzilganligi, shuningdek bank axborot tizimlarida kibertahdid yoki kiberxavfsizlik hodisasi vujudga kelishiga olib keluvchi qonunchilik talablari buzilganligi; jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo'llanilganidan keyin besh yil davomida takroran sodir etilgan xuddi shunday qoidabuzarlik.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.