«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to'g'risida»gi qonun

9-modda. Axborot olish tartibi

(9-модданинг тўртинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)

Har kim axborot olish uchun bevosita yoxud o'z vakillari orqali og'zaki, yozma shakldagi, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shakldagi so'rov bilan murojaat etish huquqiga ega. Yozma so'rovda murojaat etuvchining ismi, otasining ismi, familiyasi, manzili (yuridik shaxslarning esa rekvizitlari) hamda so'ralayotgan axborotning nomi yoki xususiyati ko'rsatilishi lozim. So'rovlar belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilishi kerak. Yozma so'rovda murojaat etuvchining elektron manzili ko'rsatilishi mumkin. Yozma so'rovda elektron manzilning ko'rsatilganligi murojaat etuvchining so'rovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga bo'lgan roziligidir. Yozma so'rovga, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuborilgan so'rovga imkon qadar qisqa muddatda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo'lmasa, so'rov olingan sanadan e'tiboran o'n besh kundan kechiktirmay javob berilishi kerak. Og'zaki so'rovga, imkoniyatga qarab, darhol javob berilishi kerak. So'ralayotgan axborotni ushbu moddaning to'rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatda taqdim etishning iloji bo'lmagan taqdirda axborot olish uchun murojaat etgan shaxsga uni taqdim etish kechiktirilganligi to'g'risida xabar yuboriladi. So'ralayotgan axborotni taqdim etishni kechiktirish so'rov berilgan sanadan e'tiboran ikki oydan ortib ketmasligi lozim. Taqdim etish kechiktirilganligi to'g'risidagi xabar axborot so'rab murojaat etgan shaxsga so'rov olingan sanadan e'tiboran bir hafta muddat ichida yuboriladi. Taqdim etish kechiktirilganligi to'g'risidagi xabarda quyidagilar ko'rsatilishi kerak: so'ralayotgan axborotni vaqtida taqdim eta olmaslik sabablari; so'ralayotgan axborot taqdim etiladigan sana. Agar so'rov tushgan organ yoki mansabdor shaxs so'ralayotgan axborotga ega bo'lmasa, axborot so'rab murojaat etgan shaxsga so'rov olingan sanadan e'tiboran besh kundan kechiktirmay bu haqda ma'lum qilishi shart. Axborot berganlik uchun belgilangan tartibda haq olinishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.