Transport vositasining haydovchisi quyidagilarga majburdir:
a) yo'lga chiqishdan oldin transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va to'liq jihozlanganligini tekshirishi;
b) harakatlanish vaqtida transport vositasining texnik sozligini ta'minlashi;
v) harakatlanishni boshlashdan oldin yo'lovchilar transport vositasida joylarini egallaganligiga, transport vositasining eshiklari yopilganligiga, yo'lovchilar tashish uchun maxsus jihozlangan yuk transport vositalarida yo'lovchilar tashiyotganda Qoidalarning 24-bandi talablari bajarilganligiga ishonch hosil qilishi;
g) harakatlanish jarayonida boshqa yo'l harakati ishtirokchilariga, ayniqsa, piyodalar, bolalar, nogironlar, qariyalar, individual harakatlanish vositalari va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko'rishi;
d) yo'lovchilarni quyidagilar haqida ogohlantirishi shart:
harakatlanayotgan vaqtda avtomobil salonidan tana qismlarini (qo'ldan tashqari) chiqarish taqiqlanganligi;
transport vositasi harakatlanishni boshlashidan oldin xavfsizlik kamarlarini taqishlari (ushbu Qoidalarning 9-bandiga muvofiq), mototsikl, moped va skuterda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida harakatlanayotganda esa motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari zarurligi;
ye) sutkaning qorong'i vaqtida va yetarlicha ko'rinmaydigan sharoitda majburiy to'xtagan transport vositasining haydovchisi ta'mirlash maqsadida yo'lning qatnov qismiga chiqishdan oldin nur qaytargichli maxsus jilet kiyib olishi (yengil va yuk avtomobili, avtobus va g'ildirakli traktorlar haydovchilari);
yo) IIO xodimlarining talabiga ko'ra mastlik holatini aniqlovchi maxsus tekshiruv yoki alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli ta'sir qiluvchi moddalar ta'sirida yoki o'zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o'tishi;
j) harakatlanish vaqtida avariya holatini yuzaga keltirmasliklari;
z) quyidagi hollarda foydalanish uchun transport vositasini berishi shart:
IIO, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan xollarda kechiktirib bo'lmaydigan xizmat vazifalarini bajarish uchun, shuningdek, yo'l-transport hodisasi tufayli shikastlangan yoki nosoz transport vositalarini olib ketish (shatakka olish) uchun (faqat yuk avtomobilidan);
yo'lakay yo'nalishda kechiktirib bo'lmaydigan tibbiy yordam ko'rsatishga ketayotgan tibbiyot xodimlariga hamda zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj bo'lgan fuqarolarni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun.
Xorijiy davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga hamda xalqaro tashkilotlarga tegishli transport vositalari, shuningdek yong'in uchirish, konvoy, inkassator xizmatlarining transport vositalaridan foydalanishga yo'l qo'yilmaydi.
Transport vositasidan foydalangan shaxs haydovchi talab qilganda yo'l varaqasiga yurilgan vaqtni, bosib o'tilgan masofani, o'z ismi-familiyasi, mansabi, ish joyi nomini, yo'l varaqasi bo'lmagan taqdirda, belgilangan tartibda ma'lumot yoki xabar yozib berishi kerak.
Transport vositalarini tekshirish yoki undan foydalanish huquqiga ega bo'lgan shaxslar haydovchining talabiga muvofiq o'z xizmat guvohnomasini ko'rsatishi shart.
Xizmat vaqtida haydovchiga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zarar uning talabiga ko'ra qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tiklab beriladi;
i) qonunchilik hujjatlarida talab qilingan hollarda vazn va hajm parametrlarini o'lchash uchun nazorat joylari (punkt)dan o'tishi.
lex.uz’dagi asl matnПравила дорожного движения (ПКМ №172, 2022)
11-band. 2-bob. Haydovchilarning umumiy vazifalari — 11-band
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.