Uy-joy kodeksi

32-modda. Mulkdor oila a'zolarining, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning huquq va majburiyatlari

(32-модданинг саккизинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 9 апрелдаги ЎРҚ-1053-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 09.04.2025 й., 03/25/1053/0317-сон)

Uy, kvartira mulkdorining oila a'zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko'chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo'lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o'zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko'chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a'zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko'chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a'zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o'rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi. Turar joy mulkdorining oila a'zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo'lmagan bo'lsa, faqat o'zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a'zolari deb tan olinishi mumkin. Mehnatga qobiliyatsiz boqimandalar, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan fuqarolar, agar ular mulkdor bilan umumiy xo'jalik yuritayotgan va uning turar joyida ro'yxatdan o'tgan bo'lsalar, uning oila a'zosi deb topilishlari mumkin. Mulkdorning voyaga yetmagan oila a'zolari yashayotgan turar joyni, ularning ota-onasi bo'lmagan taqdirda, vasiylik va homiylik organining roziligi bilan boshqa shaxsga berish mumkin. Xususiylashtirilgan kvartira yoki uy mulkdorining voyaga yetgan oila a'zolari va uy-joyning xususiylashtirilishiga rozilik bergan shaxslar ham ularning umumiy mulki bo'lmish xususiylashtirilgan kvartira yoki uyga nisbatan qonunda belgilangan tartibda teng huquqlarga ega bo'ladilar va teng majburiyatlarni bajaradilar. Xususiylashtirilgan kvartirani yoki uyni sotish, ayirboshlash, hadya qilish yoki ijaraga, arendaga berish kvartira yoki uy mulkdorining voyaga yetgan oila a'zolarining va kvartirani yoki uyni xususiylashtirish uchun rozilik bergan shaxslarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxsning turar joydan foydalanish huquqi uning vafotidan keyin ochiladigan meros tarkibiga kirmaydi. Xususiylashtirilgan uy-joy mulkdorining voyaga yetmagan oila a'zolari manfaatlarini ularning ota-onasi, ular bo'lmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organlari ifodalaydi. Xususiylashtirilgan bir kvartira yoki uyda turar joy mulkdorlari yashay olmaydigan holda, sudning qaroriga binoan mulkdorlardan biri ko'chirilib, boshqasining zimmasiga kvartira yoki uyning tegishli qismi uchun ko'chirilgan mulkdorga sud ishni ko'rib chiqqan kundagi bozor bahosida pulini to'lash yoki uning umumiy mulkdagi ulushiga mos keladigan boshqa turar joyni sotib olib berish majburiyati yuklanishi mumkin. Uy yoki kvartiraning mulkdori, uning oila a'zolari, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar va sobiq oila a'zosi o'rtasidagi turar joydan foydalanish hamda qilingan xarajatlardagi ulush miqdori haqidagi nizolar sud tartibida hal etiladi. Turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko'rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko'ra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo'lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to'lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.