Sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risida qaror qabul qilingan paytdan e'tiboran:
qarzdorning mol-mulkini boshqa shaxsga o'tkazish bilan bog'liq bo'lgan yoki uning mol-mulkini uchinchi shaxslarga foydalanish uchun topshirishga sabab bo'luvchi bitimlar tuzishga faqat ushbu bobda belgilangan tartibda yo'l qo'yiladi;
qarzdorning barcha pul majburiyatlarini bajarish muddati, shuningdek kechiktirilgan soliqlar hamda yig'imlarni to'lash muddati boshlangan deb hisoblanadi;
qarzdorning barcha turdagi qarzlari bo'yicha neustoyka (jarima, penya) va foizlarni hisoblash tugatiladi;
mol-mulk solig'i, yer solig'i, shuningdek soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha majburiyatlar yuzasidan avval hisoblangan va undirilmagan penyalar va jarimalar hisoblash to'xtatib turiladi;
qarzdor mol-mulkini sotishdan tushgan mablag'larning qarzdorlikni to'lashga yo'naltirilgan qismi qo'shilgan qiymat va daromad solig'idan ozod etiladi;
qarzdorning moliyaviy ahvoli haqidagi ma'lumotlar maxfiylik toifasiga, shu jumladan tijorat siriga mansubligini yo'qotadi;
undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratishga doir barcha cheklovlar olib tashlanadi;
ijro hujjatlarini ijro etish tugatiladi. Pul majburiyatlari, soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha barcha talablar, boshqa mulkiy talablar faqat tugatishga doir ish yuritish doirasida qarzdorga taqdim etilishi mumkin, bundan mulk huquqini e'tirof etish, ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish, mol-mulkni boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish, asossiz orttirilgan boylikni qaytarish, bitimlarni haqiqiy emas deb topish va ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo'llash to'g'risidagi talablar, shuningdek joriy to'lovlar bo'yicha talablar mustasno.
Tugatishga doir ish yuritish boshlanguniga qadar qarzdorning majburiyatlarini bajarish ta'minoti sifatida berilgan mol-mulkdan foydalanishdan mazkur ish yuritish boshlanganidan keyin olinadigan hosilga, mahsulotga va daromadlarga nisbatan kreditorning o'z talablarini bajarish ta'minoti sifatidagi huquqi tatbiq etilmaydi.
Ijro etilishi ushbu modda birinchi qismining to'qqizinchi xatboshisiga muvofiq tugatilgan ijro hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ijrochilari tomonidan tugatish boshqaruvchisiga o'tkazilishi lozim. Qarzdorning barcha majburiyatlarini bajarishga faqat tugatishga doir ish yuritish doirasida yo'l qo'yiladi.
Sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida qaror qabul qilingan paytdan e'tiboran qarzdorning boshqaruv organlari qarzdorning mol-mulkini boshqarish va tasarruf etish vazifalarini bajarishdan, agar ilgari chetlashtirilmagan bo'lsa, chetlashtiriladi, qarzdor rahbarining vakolatlari tugatiladi (qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi tugatiladi), qarzdorning ishlarini boshqarish tugatish boshqaruvchisining zimmasiga yuklatiladi, shuningdek mulkdorning qarzdor mol-mulkini boshqarish va tasarruf etishga doir vakolatlari tugatiladi. Tugatish boshqaruvchisi qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini tugatish yoki mazkur rahbarni boshqa ishga o'tkazish to'g'risida buyruq chiqaradi.
Ushbu bobda belgilangan hollarda tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili jarayonida qarzdorning ishtirokchilari (muassislari) to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning huquqlariga ega bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
141-modda. Tugatishga doir ish yuritishni boshlash oqibatlari
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.