Tashqi boshqaruvchining kreditorlar yig'ilishi tomonidan ko'rib chiqilgan hisoboti va kreditorlar yig'ilishining bayonnomasi kreditorlar yig'ilishi o'tkazilgan sanadan keyin ikki kundan kechiktirmay tashqi boshqaruvchi tomonidan sudga yuboriladi.
Tashqi boshqaruvchining hisobotiga kreditorlarning talablari reyestri va kreditorlar yig'ilishi qabul qilgan qarorga qarshi ovoz bergan yoki ovoz berishda ishtirok etmagan kreditorlarning shikoyatlari ilova qilinishi kerak.
Tashqi boshqaruvchining hisoboti va kreditorlarning shikoyatlari sud tomonidan majlisda ko'rib chiqiladi. Sud majlisi o'tkaziladigan sana, vaqt va joy to'g'risida tashqi boshqaruvchi, shuningdek shikoyat bergan kreditorlar xabardor qilinadi. Xabardor qilingan shaxslarning hozir bo'lmasligi to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishni ko'rishga monelik qilmaydi.
Tashqi boshqaruvchining hisoboti quyidagi hollarda sud tomonidan tasdiqlanishi lozim, agar:
kreditorlarning barcha talablari kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq qanoatlantirilgan bo'lsa;
qarzdorning to'lov qobiliyati tiklanishi va kreditorlar bilan hisob-kitoblarga o'tilishi munosabati bilan kreditorlar yig'ilishi tashqi boshqaruv tartib-taomilini tugatish to'g'risida qaror qabul qilgan bo'lsa;
kreditorlar yig'ilishi tomonidan muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblar boshlanishi haqida qaror qabul qilingan bo'lsa;
tashqi boshqaruvchi muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash to'g'risida iltimosnoma bergan bo'lsa;
kreditorlar bilan qarzdor o'rtasida kelishuv bitimi tuzilgan bo'lsa;
tashqi boshqaruv tartib-taomili muddatini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etish haqida kreditorlar yig'ilishi tomonidan qaror qabul qilingan bo'lsa.
Sud, agar quyidagilar aniqlangudek bo'lsa, tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni rad etadi:
kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq barcha kreditorlarning talablari qanoatlantirilmaganligi;
qarzdorning to'lov qobiliyati tiklanishi alomatlari mavjud emasligi;
muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash uchun asoslar mavjud emasligi;
kelishuv bitimini tasdiqlash uchun moneliklar mavjudligi.
Tashqi boshqaruvchining hisobotini ko'rib chiqish natijalariga ko'ra sud, agar:
kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq barcha kreditorlarning talablari qanoatlantirilgan bo'lsa yoki kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlangan bo'lsa, — to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishni yuritishni tugatish haqida;
qarzdorning to'lov qobiliyati tiklanishi munosabati bilan kreditorlar yig'ilishining tashqi boshqaruv tartib-taomilini tugatish to'g'risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan taqdirda, — kreditorlar bilan hisob-kitoblarga o'tish to'g'risida;
kreditorlar yig'ilishining yoki tashqi boshqaruvchining muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblar qilishni boshlash to'g'risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan taqdirda, — muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash haqida;
tashqi boshqaruv tartib-taomili muddatini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan taqdirda, — tashqi boshqaruv tartib-taomili muddatini uzaytirish to'g'risida;
ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda, — tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni rad etish haqida ajrim chiqaradi.
Kreditorlar yig'ilishining qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risidagi iltimosnomasi mavjud bo'lsa, shuningdek tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni sud rad etgan yoki tashqi boshqaruvchining hisoboti tashqi boshqaruv tartib-taomilining belgilangan muddati tugagan paytdan e'tiboran bir oylik muddat ichida taqdim etilmagan yoxud uning ushbu Qonun 133-moddasi to'rtinchi qismining ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qarorlaridan hech biri qabul qilinmagan bo'lsa, sud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida qaror qabul qiladi.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
134-modda. Tashqi boshqaruvchi hisobotining sud tomonidan tasdiqlanishi
Oddiy tilda
**Nimani anglatadi**
Tashqi boshqaruvchi (kompaniyani boshqaruvchi shaxs) o'z ishini yakunlash haqida sudga hisobot yuboradi. Sud bu hisobotni ko'rib chiqadi va kreditorlarning (pul berganlarning) talablari to'liq qanoatlandi yoki kompaniya qayta tiklanganini tekshiradi. Agar hammasi tartibda bo'lsa, sud hisobotni tasdiqlaydi.
**Kimga tegishli**
Bu qonun bankrotlik jarayonida kompaniyani boshqaruvchi tashqi boshqaruvchi va uni nazorat qiluvchi sud organlariga tegishli.
**Amalda**
Kompaniya qarzlarini to'lashda qiynalsa, tashqi boshqaruvchi tayinlanadi. Ikki oy o'tgach, u sudga "Men qarzlarni to'ldim, kompaniya qayta ishlaya boshladi" yoki "Qarzlar to'lanmadi, kompaniyani yopish kerak" deb hisobot yuboradi. Sud bu hisobotni tekshirib, keyingi qadam haqida qaror qabul qiladi.
Izoh sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan, rasmiy sharh emas.
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.