Qarzdorning aktivlari o'rnini almashtirish qarzdorning mol-mulki asosida bitta yoki bir nechta aktsiyadorlik jamiyatini tashkil etish orqali amalga oshiriladi.
Qarzdorning aktivlari o'rnini almashtirish imkoniyati, agar shunday qaror qabul qilinishi uchun barcha kreditorlar yoqlab ovoz bergan bo'lsa, kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq tashqi boshqaruv rejasiga kiritilishi mumkin.
Qarzdorning mol-mulki asosida bitta yoki bir nechta aktsiyadorlik jamiyatini tashkil etish orqali qarzdorning aktivlari o'rnini almashtirish qarzdor mol-mulki egasining yoki qarzdorning tegishli bitimlarni tuzish haqida qaror qabul qilishga ta'sis hujjatlari bilan vakolat berilgan boshqaruv organining qarori asosida tashqi boshqaruv rejasiga kiritilishi mumkin.
Agar tashqi boshqaruv rejasida bitta aktsiyadorlik jamiyatini tashkil etish nazarda tutilgan bo'lsa, uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qarzdorning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun mo'ljallangan mol-mulki, shu jumladan mulkiy huquqlari kiritiladi.
Agar tashqi boshqaruv rejasida bir nechta aktsiyadorlik jamiyatini tashkil etish nazarda tutilgan bo'lsa, ularning ustav fondlariga (ustav kapitallariga) qarzdorning ayrim faoliyat turlarini amalga oshirish uchun mo'ljallangan mol-mulki kiritiladi. Tashkil etilayotgan aktsiyadorlik jamiyatlarining ustav fondlariga (ustav kapitallariga) qarzdorning haq tariqasida kiritilayotgan mol-mulki tarkibi tashqi boshqaruv rejasi bilan belgilanadi.
Tashkil etilayotgan jamiyatlar ustav fondlarining (ustav kapitallarining) miqdori kiritilayotgan mol-mulkning baholovchi tashkilot tomonidan qarzdor mol-mulki egasi yoki qarzdorning tegishli bitimlarni tuzish to'g'risida qaror qabul qilishga ta'sis hujjatlari bilan vakolat berilgan boshqaruv organi takliflari hisobga olingan holda aniqlangan baholash qiymati asosida belgilanadi.
Qarzdor aktivlarining o'rni almashtirilayotganda bu haqda qaror qabul qilinguniga qadar amalda bo'lgan barcha mehnat shartnomalari, ish beruvchining huquq va majburiyatlari yangi tashkil etilayotgan aktsiyadorlik jamiyatiga yoki aktsiyadorlik jamiyatlariga o'tkazilgan holda, o'z kuchini saqlab qoladi. Qarzdorning ayrim faoliyat turlarini amalga oshirishga doir litsenziyalari qonunchilikda belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishi kerak.
Mol-mulkning baholash qiymati kreditorlar talablarining summasidan ortiq bo'lgan taqdirda, qarzdorning mol-mulki asosida tashkil etilgan aktsiyadorlik jamiyati yoki aktsiyadorlik jamiyatlarining aktsiyalari qarzdorning mol-mulki tarkibiga kiritiladi va fond birjasida sotiladi.
Qarzdorning mol-mulki asosida tashkil etilgan aktsiyadorlik jamiyatining yoki aktsiyadorlik jamiyatlarining aktsiyalarini sotish barcha kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun pul mablag'lari to'planishini ta'minlashi kerak.
Qarzdorning mol-mulki asosida tashkil etilgan aktsiyadorlik jamiyatining yoki aktsiyadorlik jamiyatlarining aktsiyalarini fond birjasida sotish qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning mol-mulki asosida tashkil etilgan aktsiyadorlik jamiyatining yoki aktsiyadorlik jamiyatlarining aktsiyalarini fond birjasida sotish nazarda tutilishi mumkin.
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish ushbu Qonunning 149 va 150-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi kerak.
Qarzdor mol-mulkining baholash qiymati kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq talablar summasidan oshmagan taqdirda, qarzdorning aktivlari o'rnini almashtirish to'g'risida qaror qabul qilishni yoqlab barcha kreditorlar ovoz bergan taqdirda, kreditorlar yig'ilishi mazkur qarorni qarzdorning barcha mol-mulkini qarzdorning ta'sis hujjatlari bilan vakolat berilgan boshqaruv organining roziligisiz aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) yoki bir nechta aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondlariga (ustav kapitallariga) kiritish yo'li bilan qabul qilishi mumkin. Bunda mazkur jamiyatlar ustav fondlarining miqdori kiritilayotgan mol-mulkning baholovchi tashkilot aniqlagan baholash qiymati asosida belgilanadi. Mazkur holda qarzdorning aktivlari o'rnini almashtirish amalga oshirilguniga qadar tashqi boshqaruvchi tomonidan ish haqi bo'yicha, alimentlarni undirish to'g'risidagi talablarni qanoatlantirish uchun hisobvaraqdan pul mablag'larini o'tkazishni yoki berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari, mualliflik shartnomalari yuzasidan haq to'lash bo'yicha, qarzdorning mehnatga oid munosabatlardan va ularga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi soliqlar hamda yig'imlar va talablar bo'yicha majburiyatlari bajarilishini teng darajada ta'minlaydigan, shuningdek fuqarolarning jinoyat yoxud ma'muriy huquqbuzarlik oqibatida o'z mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini qoplashga doir talablari bo'yicha qarzlar to'lanishi shart.
Aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni kreditorlar o'rtasida taqsimlash kreditorlarning talablari reyestridagi o'z ulushiga mutanosib ravishda, kreditorlarga aktsiyadorlik jamiyatining muassislari (aktsiyadorlari) bo'lish huquqi berilgan holda amalga oshiriladi.
Qarzdorning garov narsasini almashtirishni nazarda tutuvchi aktivlari o'rnini almashtirish tashqi boshqaruv rejasiga kiritilishi mumkin va bunda qarzdor mol-mulkining garovi bilan majburiyatlari ta'minlangan barcha kreditorlar shunday qaror qabul qilinishini yoqlab ovoz berishi shart.
Qarzdorning aktivlari o'rnini almashtirish chog'ida aktsiyadorlik jamiyati yoki bir nechta aktsiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqarilgan aktsiyalar uchun kreditorlarning qarzdor mol-mulki bilan ta'minlangan majburiyatlari garov predmetiga nisbatan mutanosib ravishda paydo bo'ladi.
Garovga berilgan aktsiyalarning qiymati aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) yoki bir nechta aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondlariga (ustav kapitallariga) berilgan garov mulkining bozor qiymatiga mutanosib bo'lishi kerak.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar tamomlanganidan keyin tashqi boshqaruvchi ushbu Qonunning 158-moddasi talablariga muvofiq hisobot tayyorlaydi va ushbu Qonunning 160-moddasida belgilangan tartibda qarzdor korxonaning to'lovga qobiliyatsizlik tartib-taomilini tugallaydi.
Qarzdorning aktivlari o'rnini almashtirish to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atilgan banklarga, sug'urtalovchilarga va qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilariga nisbatan qo'llanilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
131-modda. Qarzdorning aktivlari o'rnini almashtirish
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.