«Ta'lim to'g'risida»gi qonun

35-modda. Ta'lim jarayoniga o'quv rejalari va o'quv dasturlarini joriy etish

(35-модданинг иккинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 7 сентябрдаги ЎРҚ-957-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 09.09.2024 й., 03/24/957/0689-сон)

O'quv rejalari va o'quv dasturlari tegishli ta'lim bosqichlarining maqsad hamda vazifalari asosida ishlab chiqiladi. Tegishli davlat ta'lim tashkilotlaridagi o'quv rejalari va o'quv dasturlarining mazmuni, ularni ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi. Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta'lim tashkilotlari o'quv rejalari va o'quv dasturlarini kasbiy standartlar asosida mustaqil tasdiqlashga, shuningdek ta'lim tilini hamda bakalavriat ta'lim yo'nalishlarining va magistratura mutaxassisliklarining xususiyatlarini inobatga olgan holda ta'lim shaklini belgilashga haqli. Umumta'lim fanlarining o'quv dasturlari shaxsni har tomonlama kamol toptirishga, ta'lim oluvchilarda bilim, malaka, ko'nikmalarni, saviyani shakllantirishga va ularning qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan bo'lishi kerak. Kasbga oid fanlarning o'quv dasturlari ta'lim oluvchilar tomonidan tegishli kasblar va mutaxassisliklarni egallashga qaratilgan. Ta'lim jarayoniga o'quv rejalari va o'quv dasturlarini joriy etish ta'lim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. O'quv rejalari va o'quv dasturlarini joriy etish jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalar, o'qitishning innovatsion shakllari va usullari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo'llaniladi. Ta'lim jarayoniga o'quv rejalari va o'quv dasturlarini joriy etish chog'ida ta'lim tashkilotlari kredit-modul tizimiga asoslangan o'qitish texnologiyalaridan foydalanishi mumkin. O'quv rejasida, qoida tariqasida, ta'lim jarayonining jadvali, o'qitishning boshlanishi, muddati va davriyligi, o'quv yillari, choraklar, semestrlar, amaliyot, ta'tillar hamda attestatsiya, ajratilgan haftalar soni, o'rganiladigan fanlar (modullar) va ularga ajratilgan soatlar (kreditlar) hamda boshqa zarur parametrlar aks ettiriladi. Professional va oliy ta'lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir o'quv rejalarda ta'lim oluvchilar uchun amaliyot o'tash nazarda tutiladi. Ta'lim oluvchilarning amaliyotni o'tash tartibi va uni tashkil etish ta'lim tashkilotlari tomonidan mustaqil belgilanadi. Professional va oliy ta'limga doir o'quv rejalari davlat ta'lim standartlariga muvofiq mutaxassislik fanlaridan, shuningdek umumkasbiy, matematika, tabiiy-ilmiy, gumanitar va qo'shimcha fanlardan shakllantiriladi. O'quv rejalariga davlat boshqaruvi organlarining topshiriqlariga asosan va ushbu Qonunda nazarda tutilmagan boshqa yo'l bilan qo'shimcha fanlarni kiritishga yo'l qo'yilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.