«Sug'urta faoliyati to'g'risida»gi qonun

45-modda. Sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qayta tashkil etishning o'ziga xos xususiyatlari

Sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qo'shib yuborish, qo'shib olish, bo'lish, ajratib chiqarish, o'zgartirish shaklida qayta tashkil etish vakolatli davlat organining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin. Sug'urtalovchi (qayta sug'urtalovchi) qayta tashkil etishga ruxsatnoma olish uchun vakolatli davlat organiga tegishli ariza bilan birga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: muassislar (ishtirokchilar) yoki qayta tashkil etish to'g'risidagi ta'sis hujjatlarida qayta tashkil etish vakolati berilgan sug'urtalovchi (qayta sug'urtalovchi) boshqaruv organining qarorini; tashkil etilayotgan sug'urtalovchining (qayta sug'urtalovchining) balansini va uning faoliyatining moliyaviy natijalari prognozini; qo'shib yuborish yoki qo'shib olish shartnomasining loyihasini (qo'shib yuborish yoki qo'shib olish shaklida qayta tashkil etilayotganda). Sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qayta tashkil etishni amalga oshirishga doir ariza zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan e'tiboran o'n besh kun ichida vakolatli davlat organi tomonidan ko'rib chiqilishi kerak. Vakolatli davlat organi qabul qilingan qaror to'g'risida sug'urtalovchini (qayta sug'urtalovchini) yozma ravishda yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron hujjat shaklida xabardor qilishi shart. Vakolatli davlat organi sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qayta tashkil etish uchun ruxsatnoma berishni quyidagi hollarda rad etishga haqli, agar: sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qayta tashkil etish natijasida ularning moliyaviy barqarorligiga doir talablar buzilishi mumkin bo'lsa; sug'urtalovchilarning (qayta sug'urtalovchilarning) qayta tashkil etilishi sug'urta bozorida raqobatning cheklanishiga yoki bartaraf etilishiga olib kelishi mumkin bo'lsa; sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qayta tashkil etish uchun ruxsatnoma berilishini so'rab taqdim etilgan hujjatlarda noto'g'ri ma'lumotlar bo'lsa yoki bu hujjatlar qonunchilikka muvofiq bo'lmasa; sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qayta tashkil etish qonunchilikka zid bo'lsa. Sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qayta tashkil etishni amalga oshirish uchun berilgan arizani takroran ko'rib chiqishda sug'urtalovchilarni (qayta sug'urtalovchilarni) qayta tashkil etishni ushbu qayta tashkil etishni amalga oshirishni rad etish to'g'risidagi xabarnomada ilgari ko'rsatilmagan yangi asoslar bo'yicha amalga oshirishni rad etishga yo'l qo'yilmaydi. Bo'lish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilganda sug'urtalovchi (sug'urtalovchilar) (qayta sug'urtalovchilar) litsenziyasining amal qilishi tugatiladi. Qayta tashkil etish natijasida yangidan tuzilgan sug'urtalovchilarga (qayta sug'urtalovchilarga) litsenziyalar berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bo'lish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan vaqt uchun va yangidan tuzilgan sug'urtalovchilar (qayta sug'urtalovchilar) tomonidan litsenziya olinadigan paytga qadar ular yangi sug'urta shartnomalarini tuzishga, amaldagi sug'urta shartnomalarini uzaytirishga haqli emas, bundan ilgari tuzilgan sug'urta shartnomalari bo'yicha ushbu sug'urtalovchilar (qayta sug'urtalovchilar) o'z zimmasiga olgan, huquqiy vorislik tartibida ularning o'ziga o'tgan majburiyatlarni bajarish hollari mustasno. Agar qo'shib olish natijasida litsenziya shartlari o'zgarmasa, qo'shib olish shaklida qayta tashkil etilganda o'ziga boshqa sug'urtalovchi (qayta sug'urtalovchi) qo'shilgan sug'urtalovchi (qayta sug'urtalovchi) amaldagi litsenziyani saqlab qoladi. O'zgartirish shaklida qayta tashkil etilganda sug'urtalovchining (qayta sug'urtalovchining) litsenziyasi qayta rasmiylashtiriladi. Qo'shib yuborish shaklida qayta tashkil etilganda litsenziyani qayta rasmiylashtirishga qayta tashkil etilayotgan sug'urtalovchilarda (qayta sug'urtalovchilarda) yangidan vujudga kelgan sug'urtalovchini (qayta sug'urtalovchini) davlat ro'yxatidan o'tkazish sanasida litsenziya mavjud bo'lgan taqdirda yo'l qo'yiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.