Ushbu Kodeks maqsadida shartnoma bo'yicha mol-mulkni (moliyaviy ijara ob'yektini) o'n ikki oydan ko'p muddatga egalik qilish va foydalanishga berish chog'ida yuzaga keladigan ijara munosabatlari moliyaviy ijara deb e'tirof etiladi. Moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi talablardan hech bo'lmaganda bittasiga javob berishi kerak:
1) moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara ob'yekti ijarachining mulkiga o'tkazilsa;
2) moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara ob'yekti xizmat qilish muddatining 80 foizidan oshsa yoki moliyaviy ijara ob'yektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlang'ich qiymatining kamida 20 foizini tashkil etsa;
3) moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijarachi moliyaviy ijara ob'yektini moliyaviy ijara shartnomasida belgilanadigan qat'iy narx bo'yicha haqini to'lab olish huquqiga ega bo'lsa;
3¹) islomiy moliya faoliyati doirasida banklar va mikromoliya tashkilotlari bilan islomiy moliya standartlariga muvofiq tuzilgan moliyaviy ijara (islomiy ijara) shartnomasining muddati tugagach, ijarachi moliyaviy ijara ob'yektini mulk huquqini o'tkazish bo'yicha alohida shartnoma va unda belgilanadigan shartlar asosida qabul qilib olish huquqiga ega bo'lsa;
4) moliyaviy ijara shartnomasining amal qilish davrida ijara to'lovlarining joriy diskontlangan qiymati ob'yektning uni moliyaviy ijaraga topshirish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan oshsa. Joriy diskontlangan qiymat buxgalteriya hisobi to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi.
Ushbu Kodeks maqsadida moliyaviy ijaraning alohida turi lizing deb e'tirof etilib, bunda bir taraf (lizing beruvchi) boshqa tarafning (lizing oluvchining) topshirig'iga ko'ra uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasi bo'yicha shartlashilgan mol-mulkni (lizing ob'yektini) oladi hamda uni ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq bo'lgan shartnoma bo'yicha egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga haq evaziga beradi.
Ushbu Kodeks maqsadi uchun moliyaviy ijara (lizing) shartnomasining tarafi bo'lgan ijarachiga (lizing oluvchiga) moliyaviy ijara (lizing) predmetining xaridori sifatida qaraladi.
Soliq solish maqsadida islomiy moliya faoliyati doirasida banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya standartlariga muvofiq tuzilgan moliyaviy ijara (islomiy ijara) shartnomalariga ham moliyaviy ijara va lizing shartnomalari sifatida qaraladi hamda ularga nisbatan ushbu Kodeks qoidalari qo'llaniladi.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
54-modda. Moliyaviy ijara va lizing
(54-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонунига асосан 3¹-банд билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.