Agar ushbu Kodeksning 260-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, quyidagilarni realizatsiya qilish bo'yicha aylanma soliq solishdan ozod etiladi:
1) maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarga qarash bo'yicha xizmatlarni;
2) bemorlar va keksalarni parvarish qilish bo'yicha xizmatlarni;
3) dafn etish byurolari va qabristonlarning marosim xizmatlarini, diniy ashyolarni, diniy tashkilotlar hamda birlashmalar tomonidan udumlarni va marosimlarni o'tkazishga doir xizmatlarni;
4) protez-ortopediya buyumlarini, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun inventarni, shu jumladan ushbu buyumlar va inventarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinadigan buyumlar va inventarni, shuningdek nogironligi bo'lgan shaxslarga ortopedik protezlash, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun mo'ljallangan protez-ortopediya buyumlarini va inventarni ta'mirlash hamda ularga xizmat ko'rsatish bo'yicha ko'rsatiladigan xizmatlarni;
5) davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalarining mahsulotlarini ushbu muassasalar tomonidan realizatsiya qilish;
6) ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo'lgan shaxslardan iborat bo'lgan hamda nogironligi bo'lgan shaxslar mehnatiga haq to'lash fondi umumiy mehnatga haq to'lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo'lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan ishlab chiqarilgan tovarlarni, ko'rsatilgan xizmatlarni;
8) pensiyalar va nafaqalar to'lashga doir xizmatlarni;
10) o'qitish (ta'lim) sohasidagi xizmatlarni, shu jumladan test sinovlari va imtihonlar o'tkazishni tashkil etish xizmatlarini, xususan:
boshlang'ich, o'rta, o'rta maxsus, professional, oliy ta'lim va oliy ta'limdan keyingi ta'lim sohasidagi ta'lim xizmatlarini;
ta'lim muassasalari (tashkilotlari), shuningdek kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradigan tashkilotlar tomonidan ko'rsatiladigan qo'shimcha ta'lim berish bo'yicha xizmatlarni;
maktabgacha ta'lim va tarbiya dasturlari doirasida ta'lim va tarbiyalash faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarda bolalarga qarash va ularni parvarishlash bo'yicha xizmatlarni, to'garaklarda, sektsiyalarda (shu jumladan sport sektsiyalarida) va studiyalarda voyaga yetmagan bolalar bilan mashg'ulotlar o'tkazish bo'yicha xizmatlarni;
14) sanatoriy-kurort, sog'lomlashtirish xizmatlarini, shuningdek byudjet tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni. Ushbu bandning maqsadida:
a) sanatoriy-kurort va sog'lomlashtirish xizmatlari jumlasiga sanatoriylar, shifoxonalar, profilaktoriylar, kurortlar, pansionatlar, dam olish uylari va zonalari, bolalar dam olish oromgohlari hamda boshqa dam olish tashkilotlari tomonidan ularning asosiy faoliyati doirasida ko'rsatiladigan, ular yuridik shaxslar yoki yuridik shaxslarning tarkibiy bo'linmalari tomonidan ko'rsatilishidan qat'i nazar, yo'llanmalar yoki joysiz davolanish uchun beriladigan hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan xizmatlar kiradi;
b) byudjet tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan jismoniy tarbiya va sport xizmatlari jumlasiga, xususan, sport inshootlarida, maktablarda, klublarda sport turlari bo'yicha o'quv guruhlari hamda jamoalarida sog'lomlashtirish yo'nalishidagi jismoniy tarbiya va sport mashg'ulotlarini o'tkazishga oid xizmatlar, umumjismoniy tayyorgarlik xizmatlari, sport musobaqalarini yoki bayramlarini, sport-tomosha tadbirlarini o'tkazish bo'yicha xizmatlar, shuningdek mazkur tadbirlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish uchun sport inshootlarini ijaraga berish kiradi;
16) uy-joy fondini saqlash va ta'mirlash yuzasidan aholiga ko'rsatilayotgan xizmatlar. Uy-joy fondini saqlash va ta'mirlash yuzasidan ko'rsatiladigan xizmatlar jumlasiga lift xo'jaliklari, O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari va bo'limlari, uy-joy fondidan foydalanish, uni saqlash va ta'mirlash boshqarmalari hamda bo'limlarining bevosita aholi tomonidan haq to'lanadigan xizmatlari, shu jumladan ushbu xizmatlarga uy-joy mulkdorlari shirkatlari orqali haq to'lash kiradi;
16¹) boshqaruvchi tashkilotlar yoki ko'p kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat ko'rsatish va uni ta'mirlash, shuningdek ko'p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish bo'yicha ko'rsatilayotgan xizmatlar hamda bajarilayotgan ishlar;
17) tovarlarni (xizmatlarni), agar tovarlarni berish (xizmatlar ko'rsatish) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bepul amalga oshirilsa;
18) qimmatbaho metallardan ishlangan bank va o'lchovli quymalarini, qimmatbaho metallardan ishlangan quyma (investitsiya) tangalarni (numizmatika maqsadlari uchun foydalaniladigan tangalardan, shuningdek qimmatbaho metallardan ishlangan chet el tangalaridan tashqari), qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish jarayonida hosil bo'ladigan parchalarni va chiqindilarni, qimmatbaho metallarning o'lchov plastinalari va granulalarini, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni;
19) bojsiz savdo bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni;
20) yuridik va jismoniy shaxslarga muayyan huquqlar berilganda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va vakolatli organlar, tashkilotlar tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlarni, agar bunday xizmatlar ko'rsatish shart ekanligi qonunchilikda belgilangan bo'lsa, faoliyatning muayyan sohasida ushbu organlar va tashkilotlarning zimmasiga yuklatilgan alohida vakolatlarni bajarish doirasida davlat boji yoki boshqa to'lovlar undiriladi;
21) byudjet mablag'lari hisobidan bajariladigan yer-kadastr, yer tuzish, tuproqqa oid va geobotanika ishlarini;
23) xalqaro moliyaviy institutlarning qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan olinadigan tovarlarni (xizmatlarni), agar ularni soliqdan ozod etish qonunda nazarda tutilgan bo'lsa;
25) telekommunikatsiya tarmoqlarida operativ-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari, shuningdek mazkur vositalardan foydalanishga hamda ularga xizmat ko'rsatishga doir xizmatlar;
26) metsenatlik ko'magi tarzida beriladigan (ko'rsatiladigan) tovarlarni (xizmatlarni);
26¹) davlat mol-mulkini, shu jumladan mulk huquqi asosida qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan bo'sh turgan yer uchastkalarini;
27) ushbu Kodeksning 244-moddasida nazarda tutilgan moliyaviy xizmatlarni;
28) ushbu Kodeksning 245-moddasida nazarda tutilgan hayotni sug'urta qilish xizmatlarini va boshqa sug'urta xizmatlarini.
Ushbu moddada sanab o'tilgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanma soliq to'lovchilarda bunday faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalar va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar mavjud bo'lgan taqdirda, agar uning amalga oshirilishini litsenziyalash lozim bo'lsa yoki ruxsat etuvchi hujjatlar talab etsa, qonunchilikka muvofiq soliq solishdan ozod etiladi.
Soliq solinadigan aylanmalarni va ushbu moddaning qoidalariga muvofiq soliq solishdan ozod etiladigan aylanmalarni amalga oshiradigan soliq to'lovchilar ushbu Kodeksning 268-moddasiga muvofiq aylanmalarning alohida hisobini yuritishi shart.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
243-modda. Soliq solishdan ozod etiladigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo'yicha aylanma
(243-модда биринчи қисмининг 6-банди Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 17 апрелдаги ЎРҚ-1131-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 18.04.2026 й., 03/26/1131/0377-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 19 июль)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.