Soliq kodeksi

110-modda. Penya

(110-модданинг еттинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 17 апрелдаги ЎРҚ-1131-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 18.04.2026 й., 03/26/1131/0377-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 19 июль)

Soliq to'lovchi soliq to'g'risidagi qonunchilikda belgilangan soliqlarni to'lash muddatini buzgan taqdirda to'lashi lozim bo'lgan pul summasi penyadir. Tegishli penyalarning summasi to'lanishi lozim bo'lgan soliq summalaridan tashqari va soliqni to'lash bo'yicha majburiyatning bajarilishini ta'minlashga doir boshqa choralar, shuningdek soliq to'g'risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari qo'llanilishidan qat'i nazar to'lanadi. Penyalar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, soliq to'g'risidagi qonunchilikda belgilangan soliqni to'lash kunidan keyingi kundan boshlab soliqni to'lash bo'yicha majburiyatni bajarish kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun hisoblanadi. Soliqni to'lash bo'yicha kechiktirish (bo'lib-bo'lib to'lash) imkoniyatini berish to'g'risida ariza berilganligi to'lanishi lozim bo'lgan soliq summasiga penyalar hisoblanishini to'xtatib turmaydi. Soliq to'lovchi, uning bankdagi hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalarning to'xtatilishi yoki pul mablag'lariga taqiq qo'yilishi shaklidagi soliq organining undirish to'g'risida ta'minot choralari haqidagi qarori qabul qilinganligi sababli to'lay olmagan soliq qarziga penya hisoblanmaydi. Bunday holda penyalar ko'rsatib o'tilgan holatlarning butun amal qilish davri uchun hisoblanmaydi. Soliqni hisoblash va to'lash tartibi haqida yoki soliq to'g'risidagi qonunchilikni qo'llashga doir boshqa masalalar bo'yicha moliya yoki soliq organi (uning mansabdor shaxsi) tomonidan o'z vakolatlari doirasida soliq to'lovchiga yoki nomuayyan doiradagi shaxslarga berilgan yozma tushuntirishlarni bajarishi natijasida soliq to'lovchida hosil bo'lgan soliq bo'yicha qarz summasiga penya hisoblanmaydi. Penyalar soliq monitoringini o'tkazish jarayonida soliq organining soliq to'lovchiga yuborilgan asosli fikrini bajarishi natijasida soliq to'lovchida hosil bo'lgan soliq bo'yicha qarz summasiga hamda qo'shimcha hisoblangan soliqlar va yig'imlar bo'yicha undirilgan mablag'lar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarning depozit hisobvaraqlaridan byudjetga o'tkazilgan kunga qadar shu mablag'lar summasiga hisoblanmaydi. Majburiyatlar reyestriga kiritilgan ijro hujjatlari bo'yicha soliq qarziga mazkur ijro hujjatlari ushbu Reyestrga kiritilgan sanadan e'tiboran penya hisoblanmaydi. Ushbu moddaning oltinchi va yettinchi qismlarida ko'rsatilgan holatlar, shu organning mohiyati va mazmuniga ko'ra soliq qarzi hosil bo'lgan soliq (hisobot) davrlariga taalluqli tegishli hujjat mavjud bo'lgan taqdirda, shunday hujjat qabul qilingan sanadan qat'i nazar, aniqlanadi. Ushbu moddaning oltinchi va yettinchi qismlari qoidalari, agar soliq organining mazkur yozma tushuntirishlari yoki asoslantirilgan fikri soliq to'lovchi tomonidan taqdim etilgan to'liq bo'lmagan yoki noto'g'ri axborotga asoslangan bo'lsa, qo'llanilmaydi. Har bir kechiktirilgan kun uchun penyalar soliqning to'lanmagan summasidan kelib chiqib foizlarda belgilanadi. Penyaning foiz stavkasi O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining shu davrda amalda bo'lgan qayta moliyalash stavkasining uch yuzdan biriga teng etib qabul qilinadi. Penyalar tegishli soliq to'lanadigan byudjetga (davlat maqsadli jamg'armasiga) to'lanadi. Penyalar soliq to'lovchining bankdagi hisobvaraqlaridagi pul mablag'lari hisobidan, shuningdek soliq to'lovchining boshqa mol-mulki hisobidan ushbu Kodeksning 15-bobida nazarda tutilgan tartibda majburiy ravishda undirilishi mumkin. Yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan penyani majburiy ravishda undirish ushbu Kodeksning 121 — 124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda, boshqa jismoniy shaxslardan esa — ushbu Kodeksning 125-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu Kodeksning 120-moddasi yettinchi — sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan penyani majburiy ravishda undirish sud tartibida amalga oshiriladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar soliq agentlariga ham tatbiq etiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.