«Reklama to'g'risida»gi qonun

2-modda. Ushbu Qonunning amal qilish sohasi

Ushbu Qonunning amal qilishi reklama tayyorlangan joydan qat'i nazar, agar mazkur reklama O'zbekiston Respublikasi hududida foydalanishga va tarqatishga qaratilgan bo'lsa, reklamaning aylanishi sohasidagi barcha munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Ushbu Qonunning amal qilishi: 1) saylovoldi tashviqoti materiallariga; 2) oshkor etilishi yoki tarqatilishi yoxud reklamadan foydalanuvchiga yetkazilishi qonunchilikka muvofiq majburiy bo'lgan axborotga; 3) tovarni bozorda ilgari surish asosiy maqsadi bo'lmagan va ijtimoiy axborot hisoblanmaydigan ma'lumot-axborot materiallariga hamda tahliliy materiallarga (ichki va tashqi bozorlarning sharhlariga, ilmiy tadqiqotlar hamda sinovlar natijalariga); 4) reklama xususiyatidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olmagan peshlavhalar va ko'rsatkichlar axborotiga; 5) jismoniy yoki yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog'liq bo'lmagan e'lonlariga; 6) tovarda yoki uning o'ramida joylashtirilgan, tovar, uni ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki eksport qiluvchi to'g'risidagi axborotga; 7) tovarda yoki uning o'ramida joylashtirilgan va boshqa tovarga taalluqli bo'lmagan tovar bezagining har qanday qismlariga; 8) ilm-fan, adabiyot yoki san'at asarlariga uzviy ravishda uyg'unlashtirilgan va o'z holicha reklama xususiyatidagi ma'lumotlar hisoblanmaydigan, tovar, uni individuallashtirish vositalari, tovarni ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi to'g'risidagi eslatmalarga; 9) ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlar haqida tovarlarni ishlab chiqaruvchilarning va (yoki) sotuvchilarning saytlariga yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga joylashtirilgan Internet jahon axborot tarmog'idagi axborotga, agar ko'rsatilgan ma'lumotlar saytga yoki ijtimoiy tarmoqdagi sahifaga kiruvchilarni realizatsiya qilinayotgan tovarlar, ularning assortimenti, ulardan foydalanish qoidalari va boshqa xususiyatlar (xossalar) to'g'risida xabardor qilish uchun mo'ljallangan bo'lsa; 10) Internet jahon axborot tarmog'ining axborot-qidiruv tizimlaridagi so'rovlar bo'yicha berilgan natijalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.