«Qurol to'g'risida»gi qonun

28-modda. Qurolni va uning o'q-dorilarini olib qo'yish

(28-модда биринчи қисмининг саккизинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 17 апрелдаги ЎРҚ-1133-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 18.04.2026 й., 03/26/1133/0379-сон)

Qurolni va uning o'q-dorilarini olib qo'yish ichki ishlar organlari tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi: qurol va uning o'q-dorilari muomalasi qoidalari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan buzilganda; qurolning mulkdori bo'lgan fuqaro vafot etganda mol-mulkni meros qilib olish masalasi hal bo'lguniga qadar, shuningdek qonuniy asoslarda jangovar yoki xizmat quroliga ega bo'lgan fuqaro vafot etganda; qurolning mulkdori bo'lgan fuqaro bedarak yo'qolgan deb topilganda, shuningdek mol-mulkni meros qilib olish to'g'risidagi masala hal bo'lguniga qadar fuqaro vafot etgan deb e'lon qilinganda; litsenziat yoki qurol muomalasiga doir ruxsatnoma egasi bo'lgan yuridik shaxs tugatilganda; fuqaroviy va xizmat quroli muomalasi sohasidagi ruxsatnomalar to'xtatib turish uchun asos bo'lgan masala hal etilgunga qadar to'xtatib turilganda; fuqaroviy va xizmat quroli muomalasi sohasidagi litsenziyalar hamda ruxsatnomalar tugatilganda, bekor qilinganda; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan, bolalarga nisbatan zo'ravonlik sodir etgan shaxsning fuqaroviy qurolni saqlash va olib yurish huquqi himoya orderining amal qilishi yoki unda ko'rsatilgan muddat davrida cheklanganda; ushbu Qonun 13-moddasi o'ninchi qismining beshinchi, oltinchi, yettinchi, o'n to'rtinchi va o'n beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qurolga egalik qilishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelganda; aniq holatlarga bog'liq ravishda favqulodda holat joriy etilganda. Qurolni va uning o'q-dorilarini olib qo'yish quyidagilar tomonidan ham amalga oshiriladi: tabiatni muhofaza qilish to'g'risidagi qonunchilik buzilgan hollarda, ov, baliq ovlash, tabiatni va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar tomonidan o'z vakolatlari doirasida, keyinchalik qurol va uning o'q-dorilari huquqbuzarlik sodir etilgan joydagi ichki ishlar organlariga topshirilgan holda; bojxona to'g'risidagi qonunchilik buzilgan hollarda, bojxona organlari tomonidan o'z vakolatlari doirasida, keyinchalik qurol va uning o'q-dorilari huquqbuzarlik sodir etilgan joydagi ichki ishlar organlariga topshirilgan holda; boshqa organlar tomonidan o'z vakolatlari doirasida. Olib qo'yilgan, shuningdek musodara qilingan qurol va uning o'q-dorilari ichki ishlar organlariga topshirilishi lozim. Bunda olib qo'yilgan, jinoyat ishlari bo'yicha ashyoviy dalil deb topilgan qurol va uning o'q-dorilari jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda topshiriladi. Olib qo'yilgan, texnik jihatdan foydalanishga yaroqli bo'lgan qurol va uning o'q-dorilari qurolni realizatsiya qilish bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslar orqali realizatsiya qilinishi bunda sotuvdan tushgan summa qurolning va uning o'q-dorilarining sobiq egasiga olib qo'yilgan buyumni realizatsiya qilishga doir xarajatlar chegirib tashlangan holda berilishi lozim. Olib qo'yilgan, texnik jihatdan foydalanish uchun yaroqsiz bo'lgan, shuningdek yasama, qaytadan yasalgan va O'zbekiston Respublikasi hududida muomalasi taqiqlangan qurol hamda uning o'q-dorilari ichki ishlar organlari tomonidan yo'q qilib tashlanadi yoki maxsus organlar va harbiy tuzilmalar kollektsiyasiga topshiriladi. Texnik jihatdan nosoz yoxud yaroqlilik, saqlash yoki foydalanish muddati o'tgan olib qo'yilgan gazli qurol ichki ishlar organlariga yo'q qilib tashlash uchun tekin topshiriladi. Qurolni va uning o'q-dorilarini olib qo'yish haqida bayonnoma (dalolatnoma) tuzilib, unda olib qo'yilayotgan qurolning turi, xili, modeli, kalibri, seriyasi va raqami, shuningdek o'q-dorilarning turi hamda miqdori ko'rsatiladi yoxud bu haqda tegishli yozuv yozib qo'yiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.