Sug'urtalovchiga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qo'llanilganligi oqibatida sug'urtalovchi tomonidan sug'urta tovonini to'lash imkoni bo'lmagan taqdirda sug'urtalovchi jabrlanuvchi yoki transport vositasining egasi sug'urta hodisasi sodir bo'lganligi to'g'risidagi dalolatnomani va sug'urtalovchiga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qo'llanilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda To'lovlarni kafolatlash jamg'armasiga jabrlanuvchilarga (ularning merosxo'rlariga yoki huquqiy vorislariga) kompensatsiya to'lovlarini amalga oshirish to'g'risida iltimosnoma bilan murojaat qiladi.
Foydalanilayotganda jabrlanuvchiga zarar yetkazilgan transport vositasi egasining noma'lumligi yoki fuqarolik javobgarligi sug'urtalanmaganligi yoki transport vositasi uni g'ayriqonuniy yo'l bilan egallab olgan shaxs tomonidan foydalanilganligi natijasida zarar yetkazilganligi sababli sug'urta tovonini to'lash imkoni bo'lmagan taqdirda jabrlanuvchi yoki uning merosxo'rlari (agar jabrlanuvchining ahvoli mustaqil ravishda murojaat etish imkonini bermasa, qarindoshlari yoki boshqa vakillari) yoxud huquqiy vorislari quyidagi hujjatlarning aslini yoki nusxalarini ilova qilgan holda To'lovlarni kafolatlash jamg'armasiga kompensatsiya to'lovlarini amalga oshirish to'g'risidagi iltimosnoma bilan murojaat etadi:
sug'urta polisi (agar bo'lsa);
yetkazilgan zararning o'rnini qoplash to'g'risidagi sud qarori, agar ish sud tomonidan ko'rilgan bo'lsa;
zarar yetkazilganligi faktini va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar (yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xulosa yoki qaror, tibbiyot muassasalaridan olingan ma'lumotnoma yoxud hayotga yoki sog'liqqa zarar yetkazilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar, o'lim haqidagi dalolatnoma yoxud guvohnoma);
mol-mulkka zarar yetkazilganligi faktini va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar (tijorat dalolatnomalari, yuk xatlari, asosiy vositalar daftaridan ko'chirmalar, to'lov hujjatlari, shartnomalar, mol-mulkni baholash to'g'risidagi hisobotlar va boshqa shu kabilar);
jabrlanuvchining shaxsini yoki uning davlat ro'yxatidan o'tganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
meros huquqini yoki huquqiy vorislikni olganliklarini, shuningdek merosxo'rlarning shaxsini yoki huquqiy vorislarning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (agar sug'urta tovoni jabrlanuvchilarning merosxo'rlariga yoki huquqiy vorislariga to'lanishi lozim bo'lsa).
Sug'urtalovchi kompensatsiya to'lovini amalga oshirish to'g'risidagi iltimosnoma bilan murojaat etgan taqdirda, To'lovlarni kafolatlash jamg'armasi taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligini hamda zarar va sug'urta tovonining miqdori to'g'ri aniqlanganligini o'rganib chiqishga, shu jumladan sug'urta bozorining professional ishtirokchilarini shartnoma asosida jalb etish orqali o'rganib chiqishga haqlidir.
Jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) kompensatsiya to'lovini amalga oshirish to'g'risida iltimosnoma bilan murojaat etgan taqdirda, To'lovlarni kafolatlash jamg'armasi zarar va sug'urta tovoni miqdorini aniqlash uchun sug'urta bozorining professional ishtirokchilarini shartnoma asosida jalb etishi mumkin.
Kompensatsiya to'lovlarini amalga oshirish yoki mazkur to'lovlarni to'lashni asoslantirilgan tarzda rad etish to'g'risidagi qaror To'lovlarni kafolatlash jamg'armasi tomonidan sug'urtalovchi yoki jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) iltimosnoma bilan murojaat etgan kundan e'tiboran bir oylik muddat ichida qabul qilinadi.
Kompensatsiya to'lovlari ularni to'lash to'g'risida qaror qabul qilingan kundan e'tiboran bir haftalik muddat ichida bevosita jabrlanuvchiga (uning merosxo'riga yoki huquqiy vorisiga) To'lovlarni kafolatlash jamg'armasi tomonidan to'lanadi.
Agar kompensatsiya to'lovlari ushbu moddada belgilangan muddatda to'lanmagan bo'lsa, To'lovlarni kafolatlash jamg'armasi jabrlanuvchiga (uning merosxo'riga yoki huquqiy vorisiga) ularni to'lash to'g'risida qaror qabul qilingan kunda amalda bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda penya to'laydi.
Ushbu Qonun 21-moddasi qoidalarining jabrlanuvchining mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash tartibiga doir qismi To'lovlarni kafolatlash jamg'armasining yoki shartnoma asosida ushbu maqsadda jalb qilingan sug'urta bozori professional ishtirokchisining harakatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Agar shikastlangan mol-mulkni ushbu Qonun talablariga muvofiq ko'zdan kechirish va mustaqil ekspertiza qilishni hamda baholashdan o'tkazishni tashkil qilishga qadar shikastlangan mol-mulk ta'mirlanganligi yoki uning qoldiqlari utilizatsiya qilinganligi sug'urta hodisasi mavjudligini va o'rni qoplanishi lozim bo'lgan zararlarning miqdorini aniq belgilash imkonini bermasa, To'lovlarni kafolatlash jamg'armasi jabrlanuvchiga kompensatsiya to'lovini yoki uning bir qismini to'lashni rad etishga haqli.
To'lovlarni kafolatlash jamg'armasining kompensatsiya to'lovlarini amalga oshirishni rad etishi ustidan sug'urtalovchi yoki jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) da'vo arizasi berishi orqali sud tartibida nizolashilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun
26-modda. Kompensatsiya to'lovlarini amalga oshirish
(26-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1154-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.