«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun

20¹-modda. Yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnomani tuzish uchun asoslar

Yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnoma yo'l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz tuziladi. Xabarnomani tuzish uchun bir vaqtning o'zida quyidagilar asos bo'ladi: yo'l-transport hodisasi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetkazilishiga yoxud yo'l harakatini tartibga soluvchi vositalar yoki boshqa mol-mulk shikastlanishiga olib kelmagan bo'lsa; yo'l-transport hodisasida ishtirokchi bo'lgan haydovchilardan biri o'z aybiga to'liq iqror bo'lsa; yo'l-transport hodisasi piyoda ishtirokisiz sodir etilgan bo'lsa; yo'l-transport hodisasi ikkita transport vositasi (shu jumladan tirkamali transport vositalari) to'qnashuvi natijasida ro'y bergan hamda faqat ushbu transport vositalariga shikast yetkazilgan bo'lsa; transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi yo'l-transport hodisasi sodir etilguniga qadar sug'urta qilingan bo'lsa; yo'l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilarda haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnoma, ishonchnoma (bundan ishonchnoma talab etilmaydigan hollar mustasno), yo'l varaqasi (qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda) mavjud bo'lib, mazkur hujjatlarning amal qilish muddati o'tmagan bo'lsa; yo'l-transport hodisasi ishtirokchilari bo'lgan haydovchilarda mastlik holati bo'lmasa; yo'l-transport hodisasi natijasida transport vositalarining shikastlanishi holatlari, shuningdek transport vositalarining shikastlangan qismlari tavsiflari va ro'yxati yo'l-transport hodisasi ishtirokchilari o'rtasida kelishmovchiliklarni (nizolarni) keltirib chiqarmasa. Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan asoslardan bittasi mavjud bo'lmagan taqdirda, tuzilgan yo'l-transport hodisasi haqidagi xabarnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi. Yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnoma haqiqiy emas deb topilgan taqdirda yoxud sug'urtalovchi tomonidan ishni ko'rib chiqish jarayonida aybdor taraf o'zgarganligi fakti aniqlangan taqdirda (aybdorlik videoyozuvlar yoxud ko'rik va (yoki) mustaqil ekspertiza natijalari asosida yaqqol namoyon bo'lganda) sug'urtalovchi yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnomani va unga ilova qilingan hujjatlarni, shuningdek ko'rik va (yoki) mustaqil ekspertiza natijalarini (aybdor taraf o'zgarganligi fakti aniqlangan hollarda) o'sha kunning o'zida ichki ishlar organlariga yuboradi. Yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnomani ko'rib chiqish chog'ida aybdor taraf o'zgarganligi fakti aniqlanishi va boshqa tarafning aybini tasdiqlovchi materiallar yoki videoyozuvlar yoxud ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan ko'rik va (yoki) mustaqil ekspertiza natijalari bo'lmaganda sug'urtalovchining yig'ilgan hujjatlarni ichki ishlar organlariga yuborishi sug'urtalovchi sug'urta tovonini to'lashni asossiz rad etgan deb baholanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.