«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun

16-modda. Transport vositasidan cheklangan tarzda foydalanishda majburiy sug'urta qilish

Transport vositasining egasi o'ziga tegishli transport vositasidan cheklangan tarzda foydalanilishini hisobga olgan holda majburiy sug'urta shartnomasini tuzishga haqlidir. Transport vositasining faqat sug'urta qildiruvchi ko'rsatgan haydovchilar tomonidan boshqarilishi va (yoki) transport vositasidan mavsumiy (kalendar yilda majburiy sug'urta shartnomasida belgilangan olti yoki undan ko'proq oy mobaynida) foydalanilishi transport vositasidan cheklangan tarzda foydalanish deb e'tirof etiladi. Transport vositasining egasi sug'urtalovchiga majburiy sug'urta shartnomasini tuzishda mazkur holatlar haqida yozma ravishda bildirishga haqli. Bu holda sug'urta mukofoti transport vositasini boshqarishga ruxsat etilgan haydovchilarning haydovchilik staji, yoshini hamda shaxsiga oid boshqa ma'lumotlarni va (yoki) transport vositasidan foydalaniladigan muayyan davrni hisobga oluvchi sug'urta tariflarining koeffitsiyentlari qo'llanilgan holda belgilanadi. Transport vositasidan cheklangan tarzda foydalanish hisobga olingan holda majburiy sug'urta amalga oshirilayotganda sug'urta polisida transport vositasini boshqarishga, shu jumladan tegishli ishonchnoma asosida boshqarishga ruxsat etilgan haydovchilar va (yoki) majburiy sug'urta shartnomasida nazarda tutilgan transport vositasidan foydalaniladigan aniq davr ko'rsatiladi. Transport vositasidan cheklangan tarzda foydalanish hisobga olinadigan majburiy sug'urta shartnomasining amal qilishi davrida sug'urta qildiruvchi transport vositasini boshqarishga ruxsat etilganlar sifatida sug'urta polisida ko'rsatilmagan haydovchilarga transport vositasini boshqarish topshirilganligi va (yoki) undan foydalanish davri majburiy sug'urta shartnomasida ko'rsatilgan aniq davrdan ko'paytirilganligi haqida sug'urtalovchiga darhol yozma shaklda xabar qilishi shart. Bunday xabar olinganda sug'urtalovchi sug'urta polisiga tegishli o'zgartishlar kiritadi. Bunda sug'urtalovchi sug'urta polisiga xavfning oshishiga mutanosib ravishda tegishli o'zgartishlar kiritilgan kunda amalda bo'lgan sug'urta tariflari bo'yicha qo'shimcha sug'urta mukofoti to'lanishini talab qilishga haqli.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.