«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida»gi qonun

18-modda. Murojaatlarni ko'rib chiqish tartibi

Davlat organiga kelib tushgan murojaatlar shu organ tomonidan yoki uning murojaatlarni ko'rib chiqish bo'yicha majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan mansabdor shaxsi tomonidan ko'rib chiqiladi. Qo'yilgan masalalarni hal etish o'zining vakolat doirasiga kirmaydigan davlat organiga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi. Murojaatlarni ko'rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga o'tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi. Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur ma'lumotlar mavjud bo'lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi. Murojaatni to'liq, xolisona va o'z vaqtida ko'rib chiqish uchun qo'shimcha ma'lumotlar, ma'lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo'lgan taqdirda, mazkur murojaatni ko'rib chiqayotgan davlat organining mansabdor shaxsi murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek o'z vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan qo'shimcha axborotni so'rab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan bo'lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari o'zlaridan so'ralayotgan axborotni o'n kun ichida taqdim etishi shart. Murojaatni ko'rib chiqayotgan davlat organi, zarur hollarda, murojaat joyning o'ziga borib ko'rib chiqilishini ta'minlashi mumkin. Murojaat etuvchi yoki boshqa shaxs yo'qligida murojaatni ko'rib chiqish imkoni bo'lmasa, ular davlat organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat etuvchi kelmagan taqdirda davlat organining mansabdor shaxsi murojaatni uning ishtirokisiz ko'rib chiqish imkoni yo'qligi haqida javob yuboradi. Murojaatga javobni davlat organining rahbari yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxsi imzolaydi. Agar murojaatda qo'yilgan masalalar xo'jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatiga daxldor bo'lsa, ularning vakillari murojaatni ko'rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan o'z vakolatlari doirasida jalb etiladi. Agar murojaatni ko'rib chiqishda xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xo'jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslar o'z murojaatlarini ular ko'rib chiqilguniga qadar va ko'rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olish huquqiga ega. Murojaatni qaytarib olish haqidagi ariza davlat organlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo'yicha choralar ko'rilishini istisno etmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.