«Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida»gi qonun

32-modda. Rad qilish

Ma'muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslar ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo'lgan taqdirda, ma'muriy organning mansabdor shaxsi va ma'muriy ishni hal etishga ko'maklashayotgan shaxslarni rad qilish to'g'risida yozma shaklda ariza berishga haqli. Rad qilish asoslantirilgan bo'lishi va bu haqda ma'muriy hujjat qabul qilinguniga qadar ma'muriy ish yuritishning istalgan bosqichida ariza berilishi mumkin. Ma'muriy organning mansabdor shaxsini rad qilish to'g'risidagi ariza rad qilish bildirilayotgan mansabdor shaxsga yoxud ma'muriy ish yuritish kollegial organ tomonidan amalga oshirilayotgan bo'lsa, kollegial organning raisiga beriladi. Rad qilish to'g'risidagi arizani qabul qilgan ma'muriy organning mansabdor shaxsi bir ish kuni ichida ma'muriy ishni ko'rib chiqishni to'xtatishi va rad qilish to'g'risidagi arizani rad qilish haqida qaror qabul qilishga vakolatli bo'lgan shaxsga ko'rib chiqish uchun berishi kerak. Rad qilish to'g'risidagi ariza bo'yicha qarorni o'ziga nisbatan rad qilinishi haqida arz qilingan mansabdor shaxsning bevosita rahbari, agar rad qilish ma'muriy organning mansabdor shaxsiga nisbatan arz qilingan bo'lsa, yuqori turuvchi organ yoki boshqa vakolatli organ qabul qiladi. Ma'muriy ish yuritish kollegial organ tomonidan amalga oshirilayotgan bo'lsa, rad qilish to'g'risidagi ariza bo'yicha qaror ushbu organ a'zolarining oddiy ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Rad qilish to'g'risidagi masalani ko'rib chiqish yuzasidan ovoz berishda kollegial organning o'ziga nisbatan rad qilish to'g'risida ariza berilgan a'zosi ishtirok etmaydi. Agar rad qilish kollegial organning butun tarkibiga nisbatan arz qilingan bo'lsa, rad qilish to'g'risidagi qaror xuddi shu organ tomonidan to'liq tarkibda oddiy ko'pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ma'muriy ishni hal etishga ko'maklashayotgan shaxslarni rad qilish to'g'risidagi ariza ma'muriy ish yuritishni amalga oshirayotgan hamda ushbu ariza bo'yicha tegishli qaror qabul qiladigan ma'muriy organning mansabdor shaxsiga beriladi. Rad qilish to'g'risidagi qaror rad qilish haqida ariza berilgan paytdan e'tiboran bir ish kunidan kechiktirmasdan qabul qilinishi kerak. Ma'muriy ishni ko'rib chiqayotgan ma'muriy organning mansabdor shaxsini, kollegial organ a'zosini yoki kollegial organning butun tarkibini rad qilish to'g'risidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, bir vaqtning o'zida ushbu ma'muriy ishni ko'rib chiqishga vakolatli bo'lgan shaxs (kollegial organ) tayinlanadi. Ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo'lsa, ma'muriy organning mansabdor shaxsi, shuningdek ma'muriy ishni hal etishga ko'maklashayotgan shaxslar o'zini o'zi rad qilish to'g'risida darhol arz qilishi shart.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.