Mehnat kodeksi

465-modda. Vaxta usulida ishlash to'g'risidagi umumiy qoidalar

Vaxta usulida ishlash xodimlarning doimiy yashash joyiga kunlik qaytishini ta'minlash imkoni bo'lmagan taqdirda, ularning doimiy yashash joyidan tashqarida mehnat jarayonini amalga oshirishning alohida shaklidir. Vaxta usulida ishlash ish joyi xodimlarning doimiy yashash joyidan yoki ish beruvchining joylashgan yeridan sezilarli darajada uzoqda joylashganida ishlab chiqarish ob'yektlarini, ijtimoiy va boshqa ob'yektlarni qurish, ta'mirlash yoki rekonstruktsiya qilish muddatlarini qisqartirish, aholi yashamaydigan, olis hududlarda yoxud alohida tabiiy sharoitlarga ega bo'lgan hududlarda ishlab chiqarish ob'yektlaridan foydalanilishini ta'minlash maqsadida, shuningdek boshqa ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun qo'llaniladi. Vaxta usulidagi ishlarga jalb qilinadigan xodimlar ishlarni bajarish ob'yektida bo'lish davrida ish beruvchi tomonidan maxsus tashkil etiladigan, mazkur xodimlarning ishlarni bajarishi vaqtida hayot faoliyatini va smenalar o'rtasida dam olishini ta'minlash uchun mo'ljallangan binolar va inshootlar majmuidan iborat bo'lgan vaxta shaharchalarida yoxud shu maqsadlar uchun moslashtirilgan va ish beruvchining hisobidan haqi to'lanadigan yotoqxonalarda, boshqa turar joylarda yashaydi. Agar vaxta ob'yektida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodim har kuni o'z doimiy yashash joyiga qaytish imkoniyatiga ega bo'lsa, bunday ishni bajarish vaxta usulida ishlash hisoblanmaydi. Ishning vaxta usulini qo'llash tartibi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo'mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Ishni vaxta usulida tashkil etish to'g'risidagi namunaviy nizom O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo'yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.