«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

25-modda. Undiruvni jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratish

Kreditorlarning talabiga binoan jamiyat ishtirokchisining qarzlari bo'yicha undiruvni jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratishga qarzlarni to'lash uchun jamiyat ishtirokchisining boshqa mol-mulki yetarli bo'lmaganda, faqat sudning qaroriga asosan yo'l qo'yiladi. Jamiyat ishtirokchisining qarzlari bo'yicha undiruv jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratilgan taqdirda, jamiyat kreditorlarga jamiyat ishtirokchisi ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymatini to'lashga haqli. Undiruv jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratilganda ushbu ulush jamiyat tomonidan sotib olinmagan taqdirda, mol-mulkiga undiruv qaratilgan jamiyat ishtirokchisi ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymati jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaroriga binoan kreditorlarga jamiyatning qolgan ishtirokchilari tomonidan, agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi qarorida haq to'lash miqdorini aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo'lsa, ularning jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda to'lanishi mumkin. Jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymati undiruvni jamiyat ishtirokchisining qarzlari bo'yicha uning ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratish to'g'risida jamiyatga talab qo'yilgan sanadan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning moliyaviy hisobotlari ma'lumotlariga asosan aniqlanadi. Agar jamiyat kreditorlari tomonidan talab taqdim etilgan paytdan e'tiboran uch oy ichida jamiyat yoki uning ishtirokchilari undiruv qaratilgan jamiyat ishtirokchisi butun ulushining (butun ulushi bir qismining) haqiqiy qiymatini to'lamasa, undiruvni jamiyat ishtirokchisining ulushiga (ulushining bir qismiga) qaratish uni ochiq kim oshdi savdosida sotish yo'li bilan amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.