«Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida»gi qonun

21¹-modda. Hokimlarning vakolatlari

(21¹-модда Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 17 октябрдаги ЎРҚ-976-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 19.10.2024 й., 03/24/976/0833-сон)

Viloyat, tuman, shahar hokimi: O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarini, Oliy Majlis palatalarining qarorlarini, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini ijro etadi; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi; jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va sog'lig'ini muhofaza qilish bilan bog'liq chora-tadbirlar ko'radi, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda hollarda ishlarni tashkil etadi; viloyatlarning viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahrining shahar byudjetidan, tumanlar hamda shaharlar byudjetlaridan hududiy byudjet mablag'larini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablag'larining cheklangan miqdorlarini byudjet so'rovini tuzish uchun ko'rib chiqadi va tasdiqlaydi; viloyat, tuman, shaharni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirishning asosiy yo'nalishlarini, viloyat va Toshkent shahar mahalliy byudjetining, tuman va shahar byudjetining tegishli loyihasini, shuningdek uning ijrosi to'g'risidagi hisobotni xalq deputatlari Kengashiga taqdim etadi; xalq deputatlari Kengashlari sessiyalariga ko'rib chiqish uchun masalalar kiritadi, zarur hollarda Kengash sessiyasini chaqirish to'g'risida Kengashga taklif kiritadi; xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida ishtirok etadi; tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi; o'z o'rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish to'g'risidagi qarorlarni xalq deputatlari Kengashining tasdig'iga taqdim etadi; hokimlik apparati bo'linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi; quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini (bundan xususiy mulk huquqining, shuningdek yer uchastkasiga bo'lgan huquqning yuzaga kelishi uchun asos bo'lgan qarorlar mustasno), agar ular O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga, shuningdek yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashining va hokimning qarorlariga zid bo'lsa, bekor qiladi va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish to'g'risida taqdimnoma kiritadi; ijro etuvchi hokimiyat organlari tarkibiy bo'linmalarining ishini nazorat qiladi; xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid qarorlarini qayta ko'rib chiqish to'g'risida tegishli xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma kiritadi, bundan xususiy mulk huquqining, shuningdek yer uchastkasiga bo'lgan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo'lgan qarorlar mustasno; tegishli xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid qarorlarini bekor qilish uchun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yoki sudga murojaat qiladi; xalq deputatlari Kengashining va hokimning hujjatlarini bajarmaganligi uchun mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish to'g'risida qonunda belgilangan tartibda taqdimnoma kiritadi; davlat mukofotlari bilan taqdirlash to'g'risidagi iltimosnomalarni ko'rib chiqadi va takliflar kiritadi; respublikada va xorijda viloyat, tuman hamda shaharning rasmiy vakili sifatida ish yuritadi; fuqarolarni qabul qilishni tashkil etadi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqadi. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga: navbatdagi yil uchun viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining loyihalarini ko'rib chiqish hamda tegishli xulosa taqdim etish uchun; o'tgan moliya yili uchun viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining ijrosi to'g'risidagi yillik hisobotni tashqi auditdan o'tkazish hamda baholash uchun yuboradi. Hokim qonunchilikda o'z vakolatlari jumlasiga kiritilgan rejalashtirish, byudjet, moliya, hisobga olish, viloyat, tuman, shahar mulkini boshqarish hamda mulkchilikning turli shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, qishloq xo'jaligi, yerdan va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, qurilish, transport, yo'l xo'jaligi va aloqa, aholiga kommunal, savdo va ijtimoiy-madaniy xizmat ko'rsatish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qonuniylikni, huquq-tartibotni hamda xavfsizlikni ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish kabi boshqa masalalarni ham hal etadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.