«Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida»gi qonun

2-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat boshlig'ini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod etish

(2-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 30 апрелдаги ЎРҚ-1142-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 01.05.2026 й., 03/26/1142/0440-сон)

Viloyat va Toshkent shahar hokimi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining (bundan buyon matnda partiya guruhlari deb yuritiladi) har biri bilan maslahatlashuvlar o'tkazilganidan so'ng xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Viloyat va Toshkent shahar hokimi lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida uning nomzodi ko'rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga mo'ljallangan dasturini hamda korruptsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etadi. Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining ko'pchilik ovozini olgan viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi. Agar ovoz berish vaqtida viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining ko'pchilik ovozini ololmasa, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur lavozimlarga nomzodlarni partiya guruhlari bilan qo'shimcha maslahatlashuvlar o'tkazganidan so'ng bir oy ichida yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega. Tegishli xalq deputatlari Kengashi taqdim etilgan viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlarini uch marta rad etgan taqdirda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti viloyat va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchini tayinlash, tegishli xalq deputatlari Kengashini tarqatib yuborish huquqiga ega. Bunda xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga saylov tarqatib yuborish to'g'risida qaror qabul qilingan kundan e'tiboran uch oy ichida o'tkaziladi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining qaroriga muvofiq hokim nomzodi bo'yicha farmon qabul qiladi. Tuman, shahar hokimlari viloyat, Toshkent shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Viloyat, tuman, shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashi deputati etib saylanishi mumkin. Tuman, shahar hokimi lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida uning nomzodi ko'rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga mo'ljallangan dasturini hamda korruptsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etadi. Tumanga bo'ysunadigan shahar hokimi tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Viloyat hokimi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda shahar hokimini tuman (shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar bundan mustasno) hokimiga bo'ysundirish va yagona boshqaruv organlarini tuzish vakolatiga ega bo'lib, bu xususda qabul qilingan qaror keyinchalik xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar hokimi etib tayinlanishi mumkin emas. Hokimlarning vakolatlari muddati — besh yil.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.