«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to'g'risida»gi qonun

32-modda. Litsenziyaning va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish

Litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi quyidagi hollarda to'xtatib turilishi mumkin: litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlarining buzilganligi aniqlanganda; litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan vakolatli organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini uning zimmasiga yuklovchi qarori bajarilmaganda. Litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini o'n kungacha muddatga to'xtatib turish vakolatli organ tomonidan, o'n kundan ortiq, lekin olti oydan ko'p bo'lmagan muddatga esa — sud tomonidan amalga oshiriladi. Vakolatli organning litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risidagi qarori litsenziatga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxsga litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish sabablari va qonunchilikning aniq normalari ko'rsatilgan holda, qaror qabul qilingan kundan e'tiboran bir ish kunidan kechiktirmay, maxsus elektron tizim vositasida elektron shaklda yetkaziladi. Sudning litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risidagi qarori litsenziatga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxsga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Vakolatli organlar yoki sud litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turishga sabab bo'lgan holatlar litsenziat yoxud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan bartaraf etilishi muddatini belgilashi shart. Bunda ko'rsatilgan muddat litsenziat yoki ruxsat beruvchi hujjatni olgan shaxs litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risidagi qarorni olgan kundan e'tiboran besh ish kunidan kam va olti oydan ko'p bo'lmasligi kerak. Litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turishga sabab bo'lgan holatlar litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risida qaror qabul qilgan vakolatli organ yoki sud ko'rsatilgan holatlar bartaraf etilganligi to'g'risida tasdiqnoma olingan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini qayta tiklash to'g'risida qaror qabul qilishi shart. Sudning litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini qayta tiklash to'g'risida qarori u qabul qilingan kundan e'tiboran bir ish kuni ichida tegishli vakolatli organga qonunda belgilangan tartibda yetkaziladi. Bunda vakolatli organ esa litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi qayta tiklanganligi to'g'risidagi ma'lumotni maxsus elektron tizimga bir ish kunidan oshmagan muddatda joylashtiradi. Agar vakolatli organ litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini qayta tiklash haqida yoki qayta tiklashni rad etish to'g'risida uch ish kuni ichida qaror qabul qilmasa, litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs mazkur muddat o'tgandan so'ng vakolatli organni maxsus elektron tizim vositasida xabardor qilgan holda o'z faoliyatini davom ettirishi mumkin. Litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turishga sabab bo'lgan holatlarni vakolatli organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda, sud litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish to'g'risida qaror qabul qiladi. Vakolatli organning litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risidagi qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, vakolatli organlar litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs oldida ular ko'rgan zarar miqdorida javobgar bo'ladi. Bunda litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat amal qilishining to'xtatib turilishi sud tomonidan asossiz deb topish to'g'risida qaror qabul qilingan paytdan e'tiboran litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi qayta tiklangan deb hisoblanadi. Litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs o'z faoliyati vaqtincha to'xtatib turilgan taqdirda litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini olti oygacha muddatga to'xtatib turish haqida vakolatli organga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Agar litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi to'xtatib turilganidan keyin olti oy ichida litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini qayta tiklash to'g'risida vakolatli organga ariza bilan murojaat etmagan bo'lsa, litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi tugatiladi. Litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish va qayta tiklash to'g'risidagi axborot tegishli qaror qabul qilingan sanadan e'tiboran bir ish kuni ichida maxsus elektron tizimga joylashtirilishi kerak.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.