Jinoyat-protsessual kodeksi

619-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o'tashni davom ettirish uchun, shuningdek o'ziga nisbatan tibbiy yo'sindagi majburlov chorasi qo'llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun berish to'g'risidagi masalani hal qilish tartibi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o'rinbosari ushbu Kodeksning 611-moddasida ko'rsatilgan shaxslarni berish to'g'risidagi materiallarni o'rganib va tekshirib chiqqanidan keyin, agar ular tegishli tarzda rasmiylashtirilgan bo'lsa hamda ushbu Kodeksda va O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo'lganda mazkur shaxslarni berish to'g'risida qaror qabul qiladi, bu haqda xorijiy davlatning vakolatli organiga va berish masalasini ko'rib chiqish to'g'risida murojaat qilgan shaxsga xabar qiladi. Ushbu Kodeksning 611-moddasida ko'rsatilgan shaxslarning berilishi ularni muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, jazoning o'talmay qolgan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish, afv etish, amnistiya aktini qo'llash, shuningdek tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini qo'llashni tugatish yoki o'zgartirish to'g'risida O'zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda iltimos qilish huquqidan mahrum etmaydi. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu Kodeksning 611-moddasida ko'rsatilgan shaxsni berish to'g'risida qabul qilingan qaror haqida, shuningdek xorijiy davlat sudining O'zbekiston Respublikasi sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish to'g'risidagi qarori haqida hukmni yoki ajrimni chiqargan sudni xabardor qiladi. O'zbekiston Respublikasida amnistiya akti e'lon qilingan taqdirda, prokurorning iltimosnomasiga binoan sud berilgan shaxsga nisbatan amnistiya aktini qo'llash to'g'risidagi masalani ko'rib chiqadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.