Jinoyat-protsessual kodeksi

586⁷-modda. Aybga iqrorlik to'g'risidagi kelishuvni sud tomonidan ko'rib chiqish tartibi

Aybga iqrorlik to'g'risidagi kelishuvga doir ishlar ushbu moddada nazarda tutilgan o'ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda umumiy tartibda, jinoyat ishi kelishuv bilan birga sudga kelib tushgan paytdan e'tiboran bir oydan kechiktirmay ko'rib chiqiladi. Sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy da'vogar), agar ishda ishtirok etayotgan bo'lsa, qonuniy vakil, himoyachi, prokuror ishtirok etadi. Sud majlisi o'tkaziladigan joy va sana haqida lozim darajada xabardor qilingan jabrlanuvchi (fuqaroviy da'vogar) yoki uning vakilining kelmaganligi ishni ko'rib chiqish uchun monelik qilmaydi. Aybga iqrorlik to'g'risidagi kelishuvga oid ishlar bo'yicha sud muhokamasida prokuror kelishuvning mazmunini o'qib eshittiradi, sudlanuvchining surishtiruv hamda dastlabki tergovga ko'maklashganligini tasdiqlaydi va bu aynan nimada ifodalanganligini tushuntiradi. Sud aybga iqrorlik to'g'risidagi kelishuvga oid ishlarni ko'rib chiqish chog'ida: kelishuvni tuzishda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining protsessual huquqlari ta'minlangan-ta'minlanmaganligini va ushbu Kodeksning 586¹-moddasida ko'rsatilgan talablar bajarilgan-bajarilmaganligini; kelishuvning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda tuzilgan-tuzilmaganligini; gumon qilinuvchi, ayblanuvchi kelishuvning mohiyatini, uning shartlarini tushungan-tushunmaganligini, uning oqibatlarini anglab yetgan-yetmaganligini; sudlanuvchi kelishuvni qo'llab-quvvatlashi yoki qo'llab-quvvatlanmasligini; gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yetkazilgan zararni bartaraf etish choralarini ko'rgan-ko'rmaganligini aniqlaydi. Sud sudlanuvchi va uning himoyachisining, prokurorning, shuningdek zarur hollarda, jabrlanuvchining (fuqaroviy da'vogarning) fikrini eshitadi, shundan so'ng qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi. Sud majlisi vaqtida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga ko'ra bayonnoma yuritiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.