Hukmni, ajrimni va qarorni ijro etish to'g'risidagi masalalar sudya tomonidan prokuror hamda mahkum ishtirokida, ushbu Kodeks 613-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa mahkum yoki o'ziga nisbatan tibbiy yo'sindagi majburlov chorasi qo'llanilgan shaxs ishtirokisiz sud majlisida hal qilinadi. Mahkumning ushbu Kodeks 532-moddasida nazarda tutilgan huquqlari ta'minlanadi. Sudya voyaga yetmagan, shuningdek jismoniy nuqsonlari bo'lgan yoki ruhiy holati buzilgan mahkumlarga doir hukmlarni ijro etish bilan bog'liq masalalarni ko'rib chiqayotganida himoyachi ishtirok etishi shart.
Jazoni ijro etish muassasasi hududini yoki ma'muriyatning yo'llanmasi bo'yicha o'zi turishi lozim bo'lgan boshqa joyni o'zboshimchalik bilan tashlab ketgan mahkumni manzil-koloniyadan boshqa tartibli koloniyaga o'tkazish to'g'risidagi masala prokurorning iltimosnomasiga binoan ko'rib chiqiladi. Mahkumning sudda hozir bo'lishini ta'minlash imkoniyati bo'lmagan taqdirda mazkur masala sud tomonidan mahkumning ishtirokisiz ko'rib chiqiladi. Bunda mahkumni qamoqqa olish va unga nisbatan qidiruv e'lon qilish haqidagi masala sud tomonidan hal qilinishi kerak.
Jarima jazosiga, axloq tuzatish ishlariga yoki ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jarima jazosini, axloq tuzatish ishlarini va ozodlikni cheklashni jazoning boshqa turlari bilan almashtirish to'g'risidagi masala ko'rib chiqilishi uchun sudga uzrsiz sabablarga ko'ra kelmagan taqdirda, jazoni ijro etuvchi organning taqdimnomasi mahkum yo'qligida ko'rib chiqilishi mumkin. Jarima, majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan, shuningdek ozodlikni cheklash ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilgan taqdirda sud mahkumga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash va qidiruv e'lon qilish to'g'risidagi masalani hal qilishi kerak.
Agar masala hukmning fuqaroviy da'vo to'g'risidagi qismini ijro etishga taalluqli bo'lsa, sud majlisiga fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar yoki ularning vakillari ham chaqiriladi. Mazkur shaxslarning sud majlisiga kelmay qolishi ishni ko'rishni to'xtatib qo'ymaydi.
Mahkumni kasalligi, nogironligi sababli jazoni o'tashdan ozod etish to'g'risidagi, jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to'g'risidagi, jazoning o'talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish to'g'risidagi, jazoning shartliligini bekor qilish to'g'risidagi, bir jazoni o'tash koloniyasidan boshqa tartibli koloniyaga o'tkazish to'g'risidagi, tarbiya koloniyasidan jazoni ijro etish koloniyasiga, jazoni ijro etish koloniyasidan turmaga va turmadan jazoni ijro etish koloniyasiga o'tkazish to'g'risidagi, maxsus tartibli jazoni o'tash koloniyasidan qattiq tartibli jazoni o'tash koloniyasiga o'tkazish to'g'risidagi, axloq tuzatish ishlari o'talgan vaqtni mahkumning mehnat stajiga qo'shish, shuningdek mahkumlarga nisbatan amnistiya aktini qo'llash to'g'risidagi masalalar mahkum jazoni o'tab turgan joydagi tuman (shahar) sudining ajrimi bilan hal etiladi.
Ish jazoning ijrosini amalga oshiruvchi muassasa hamda bolalar masalalari bo'yicha komissiyaning birgalikdagi taqdimnomasiga binoan ko'rib chiqiladigan hollarda sudya mazkur komissiyani iltimosnoma ko'riladigan vaqt va joy haqida xabardor qiladi.
Boshqa mahkumlarga tarbiyaviy ta'sir ko'rsatish maqsadida muddatidan ilgari shartli ozod etish haqidagi taqdimnoma sudya tomonidan jazoni ijro etish koloniyasida yoki tarbiya koloniyasida ko'rib chiqilishi mumkin.
Ishni ko'rish taqdimnoma yoki iltimosnomani o'qib eshittirishdan boshlanadi, keyin sudya taqdim etilgan materiallarni tekshiradi va sud majlisida hozir bo'lgan shaxslarning fikrlarini eshitadi. Oxirida mahkum yoki uning himoyachisiga so'z beriladi. So'ngra sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
542-modda. Hukmni, ajrimni va qarorni ijro etish bilan bog'liq masalalarni hal qilish tartibi
(542-модданинг номи Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 4 декабрдаги ЎРҚ-1009-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 05.12.2024 й., 03/24/1009/1004-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.