Sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko'rishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki o'ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to'la hajmda tekshiradi.
Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko'rib chiqayotgan sud qaror qabul qilish chog'ida quyi instantsiya sudlari tomonidan tekshirilgan dalillarni ham, ishni ko'rishda apellyatsiya, kassatsiya instantsiyasi yoki tegishli taftish instantsiyasi sudiga taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki ular tomonidan talab qilib olingan va tekshirilgan, e'tiborga olinadigan yangi dalillarni ham tekshiradi.
Agar quyi instantsiya sudi tomonidan sud tergovining to'liq emasligiga yoki bir yoqlamaliligiga yoki protsessual buzilishlarga yo'l qo'yilgan bo'lsa, apellyatsiya, kassatsiya yoxud taftish tartibida jinoyat ishini ko'rib chiqayotgan sud to'liq yoki qisman sud tergovini o'tkazish yo'li bilan bo'shliqlarning o'rnini to'ldirish, protsessual buzilishlarni bartaraf etish choralarini ko'radi. Ishni apellyatsiya, kassatsiya yoxud taftish tartibida ko'rib chiqayotgan sud shu maqsadda:
1) ishni hal qilish uchun ahamiyatga ega bo'lgan hujjatlarni taraflarning iltimosnomasiga ko'ra talab qilib olishga;
2) zarur sud ekspertizasini tayinlashga;
3) sud majlisiga qo'shimcha guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni chaqirishga va so'roq qilishga, taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki ularning iltimosiga ko'ra sud tomonidan talab qilib olingan yozma, ashyoviy va boshqa dalillarni tekshirishga;
4) quyi instantsiya sudi tomonidan tekshirilgan dalillarni maqbul emas deb topishga va ularni dalillar majmuidan chiqarib tashlashga;
5) quyi instantsiya sudi tomonidan maqbul emas deb topilganligi uchun dalillar majmuidan chiqarib tashlangan dalillarni maqbul dalillar deb topishga va ularni tekshirishga;
6) fuqaroviy da'voga taalluqli bo'lgan holatlarni tekshirishga va fuqaroviy da'vo bo'yicha qaror qabul qilishga;
7) ishning barcha materiallari to'liq, har tomonlama va xolisona tekshirilishini ta'minlash uchun zarur bo'lgan boshqa harakatlarni bajarishga haqli.
Jinoyat ishi bo'yicha bir necha shaxs hukm qilingan yoki oqlangan taqdirda, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instantsiyasi sudi o'ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga yoki oqlangan shaxslarga taalluqli hukmni, ajrimni bekor qilishga, agar hukmning, ajrimning bekor qilinishi ularning ahvolini og'irlashtirsa, haqli emas.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
483-modda. Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko'rish doirasi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.