Jinoyat-protsessual kodeksi

405¹²-modda. Jinoyat ishini ayblov dalolatnomasini yoki ayblov xulosasini, tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini qo'llash to'g'risidagi qarorni tasdiqlagan prokurorga yuborish uchun asoslar

Sudya jinoyat ishining sud tomonidan ko'rib chiqilishiga doir to'sqinliklarni bartaraf etish uchun uni taraflarning iltimosnomasiga ko'ra yoki o'z tashabbusi bilan quyidagi hollarda prokurorga yuboradi, agar: 1) ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi ushbu Kodeksning talablari buzilgan holda tuzilgan bo'lsa va bu mazkur ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi asosida sud tomonidan hukm yoki boshqa qaror chiqarish imkoniyatini istisno etsa; 2) tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini qo'llash to'g'risidagi qaror bilan birga sudga yuborilgan jinoyat ishi bo'yicha ayblov dalolatnomasini yoki ayblov xulosasini tuzish zarurati bo'lsa; 3) jinoyat ishlarini birlashtirish uchun ushbu Kodeksning 332-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo'lsa; 4) ayblanuvchi jinoyat ishi materiallari bilan tanishish chog'ida unga ushbu Kodeksning 375 va 381¹³-moddalarida nazarda tutilgan huquqlar tushuntirilmagan bo'lsa; 5) ayblov dalolatnomasida yoki ayblov xulosasida, jinoyat ishini tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini qo'llash uchun sudga yuborish to'g'risidagi qarorda bayon etilgan haqiqiy holatlar ayblanuvchining, o'ziga nisbatan tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini qo'llash to'g'risida ish yuritilayotgan shaxsning xatti-harakatlarini og'irroq jinoyat, ijtimoiy xavfli qilmish sifatida malakalash uchun asoslar mavjudligidan dalolat bersa yoki bunday holatlar mavjudligi dastlabki eshituv jarayonida aniqlangan bo'lsa. Ushbu modda birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan asoslarga ko'ra jinoyat ishini prokurorga yuborishda sud ayblanuvchining, o'ziga nisbatan tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini qo'llash to'g'risida ish yuritilayotgan shaxsning xatti-harakatlarini og'irroq jinoyat, ijtimoiy xavfli qilmish sifatida tavsiflash uchun asos bo'lgan holatlarni ko'rsatishi shart. Bunda sud jinoyatni yoki ijtimoiy xavfli qilmishni O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining qaysi moddasi bilan tavsiflash lozimligini ko'rsatishga, shuningdek dalillarni baholash to'g'risida, ayblanuvchining aybdorligi haqida xulosa qilishga haqli emas. Sudya jinoyat ishini prokurorga yuborishda ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi to'g'risidagi masalani hal etadi. Zarur bo'lgan taqdirda sudya ayblanuvchini qamoqda saqlash muddatini tergov ishlarini yuritish va boshqa protsessual harakatlarni bajarish uchun ushbu Kodeksning 245-moddasida nazarda tutilgan muddatlarni inobatga olgan holda uzaytiradi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.