Surishtiruvchi, tergovchi, sud gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, guvohlar hamda jabrlanuvchilarning ko'rsatuvlarini tekshirilayotgan hodisa sodir bo'lgan joyda holatlarni qayta tiklash yo'li bilan tekshirib ko'rishga haqlidir.
Ko'rsatuvlarni hodisa sodir bo'lgan joyda tekshirishdan maqsad: ko'rsatuvlari tekshirilayotgan shaxsga ma'lum bo'lgan, surishtiruvchiga, tergovchiga va sudga esa noma'lum bo'lgan narsalar, hujjatlar, elektron ma'lumotlar, izlar va belgilarni topish; shaxsning tergov yoki sud muhokamasi davomida topilgan narsalar, hujjatlar, elektron ma'lumotlar, izlar qayerda bo'lganligini ko'rsatib berishi; bir necha shaxsning ayni bir hodisa to'g'risida bergan ko'rsatuvlaridagi o'xshashlik va farqlarni aniqlash uchun ishda ahamiyatga ega bo'lgan joyni yoki yo'nalishni shaxs ko'rsatib berishi; holatlarni qayta tiklash va hodisa sodir bo'lgan joydagi sharoit bilan qiyoslash orqali ko'rsatuvlarning to'g'riligini yoki noto'g'riligini aniqlashdan iborat.
Ko'rsatuvi tekshirilayotgan shaxs hodisa sodir bo'lgan joyda bir vaqtning o'zida ko'rsatish, ko'zdan kechirish yoki ba'zi narsalarni, hujjatlarni, elektron ma'lumotlarni, izlarni olish yoxud muayyan harakatlarni namoyish qilish orqali tushuntirish beradi yoki o'zining avval bergan ko'rsatuvlariga aniqlik kiritadi.
Raqamli dalillar bilan bog'liq ko'rsatuvlarni hodisa sodir bo'lgan joyda tekshirish chog'ida ko'rsatuvlarning ishonchliligini masofadan turib tekshirish uchun axborot tizimlaridan foydalanilishi mumkin.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining ko'rsatuvlarini hodisa sodir bo'lgan joyda tekshirish natijalari, bu shaxslarning muayyan hodisalar haqida bilganlari faqat ularning jinoyat sodir etishga daxldorligidan darak bersagina, dalil kuchiga ega bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
132-modda. Ko'rsatuvlarni hodisa sodir bo'lgan joyda tekshirish uchun asoslar
(132-модданинг иккинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 21 ноябрдаги ЎРҚ-1003-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.11.2024 й., 03/24/1003/0943-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.