Jinoyat-protsessual kodeksi

121³-modda. Ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo'yish to'g'risidagi iltimosnomani ko'rib chiqish shartlari

(121³-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 28 январдаги ЎРҚ-1022-сонли Қонунига асосан биринчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 29.01.2025 й., 03/25/1022/0083-сон)

Ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo'yish to'g'risidagi iltimosnoma surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo'yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi bo'lmagan yoxud ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo'yish to'g'risidagi iltimosnomani ko'rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo'lgan taqdirda esa Qoraqalpog'iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining ko'rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda ko'rib chiqiladi. Sud ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo'yish to'g'risidagi iltimosnomani materiallar kelib tushgan paytdan e'tiboran yigirma to'rt soatdan kechiktirmay ko'rib chiqadi va iltimosnomani qanoatlantirish hamda sud majlisini tayinlash yoki iltimosnomani qanoatlantirishni rad qilish to'g'risida ajrim chiqaradi va bu haqda taraflarga xabar beradi. Iltimosnoma qanoatlantirilgan taqdirda, sudya ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlash bo'yicha sud majlisini uch sutkadan kechiktirmay o'tkazadi. Agar sudya ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlashni iltimosnomani va unga ilova qilingan hujjatlarni ko'rib chiqish natijasida asossiz deb topsa, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etadi. Sudning ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo'yish to'g'risidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan ushbu ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida xususiy shikoyat yoki xususiy protest berilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma to'rt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instantsiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instantsiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan e'tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yakka tartibda ko'rib chiqishi kerak. Apellyatsiya instantsiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko'rib chiqib, o'z ajrimi bilan: sudyaning ajrimini o'zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga; sudyaning ajrimini bekor qilishga va ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo'yishga haqli. Apellyatsiya instantsiyasi sudining ajrimi ustidan shikoyat, protest berilishi mumkin emas. Iltimosnomani qanoatlantirish rad etilganidan keyin sudga takroran murojaat qilishga faqat ko'rsatuvlarni mustahkamlash to'g'risida iltimosnoma berish uchun yangi asoslar mavjud bo'lgan taqdirdagina yo'l qo'yiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.